KOICA bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (Korea International Cooperation Agency) direktori Shin Myung Seop bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Al Xorazmiy vorislari loyihasini Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryo viloyatlariga kengaytirish uchun grant loyihasi tashkil etish va ularni kerakli jihozlar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
KOICA mutaxassislari va vazirlik vakillari Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida loyiha yuzasidan tahlil ishlari olib borgan.
Natijada loyiha uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatlari tanlangani qayd etildi.
Mazkur o‘rganishlarning asosiy maqsadi Urganch, Nukus va Qarshi hududlarida raqamli ta’limni rivojlantirish ehtiyojlari va imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat edi. Ushbu o‘rganish natijalari "Raqamli innovatsiyalarni rivojlantirish: O‘zbekiston hududlarida texnologiya yo‘nalishida iqtidorli mutaxassislarini tayyorlash" istiqbolli loyihasini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Loyiha 2026-2032-yillarda amalga oshiriladi.
Xususan, loyiha doirasida Raqamli ta’lim markazlarida hudud aholisi uchun kompyuter savodxonligi, dasturlash, robototexnika va ingliz tilini o‘qitish uchun zarur bo‘lgan AKT jihozlarini xarid qilish mo‘ljallangan.
Ushbu hamkorlik tashabbusi orqali Raqamli texnologiyalar vazirligi va KOICA o‘zbekistonlik yoshlarni zarur raqamli ko‘nikmalar bilan ta’minlashni maqsad qilgan.
Ma’lumot uchun: Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning asosiy vazifasi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va turli grantlar hamda texnik hamkorlik dasturlari orqali rivojlanayotgan mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini oshirishdan iborat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter