Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Kelajagimni O‘zbekistonda ko‘raman” — AQShdagi dasturchi yigit hikoyasi

“Kelajagimni O‘zbekistonda ko‘raman” — AQShdagi dasturchi yigit hikoyasi

Dostonbek Toirov shaxsiy arxividan

Navbatdagi suhbatdoshimiz Dostonbek Toirov Qo‘shma Shtatlardagi mashhur “Morgan Stanley” shirkatida dasturchi sifatida ishlaydi.

U 1998-yil Andijon viloyatida tug‘ilgan. 2016-yil Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetiga o‘qishga kirgan. Biroq xorijda o‘qish istagi sabab o‘qishni tashlab 2017-yil Qo‘shma Shtatlarga yo‘l oladi. O‘sha yili Kentukki shtatidagi Berea kollejiga grant asosida talabalikka qabul qilinadi. 2021-yil esa mazkur ta’lim muassasasini tamomladi.

Muvaffaqiyatga bilim orqaligina erishish mumkin

Ota-onam muvaffaqiyatga faqat yaxshi bilim olish orqaligina erishish mumkinligini ta’kidlashadi. Shu boisdan ular ta’lim olishimizga alohida e’tibor qaratishgan. 6 yoshimdan Andijon shahridagi 34-davlat ixtisoslashtirilgan maktabida o‘qidim. Maktab davrida ham ularning fanlarni yaxshi o‘zlashtirishimga nisbatan e’tibori kuchli edi. O‘qishga bo‘lgan kuchli qiziqishim, ota-onam va ustozlarimning bilim borasidagi ko‘magi sabab maktabni imtiyozli shahodatnoma bilan tamomladim. So‘ng Andijon davlat universiteti qoshidagi 5-sonli akademik litseyda tahsil oldim.

2016-yil Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetiga o‘qishga kirgan edim. Biroq xorijda o‘qish istagi sabab o‘qishni tashlab 2017-yil Qo‘shma Shtatlarga keldim. Bunga Kentukki shtatidagi Berea kollejiga grant asosida talabalikka qabul qilinganim sabab bo‘ldi. 2021-yil mazkur ta’lim muassasasini “Kompyuter va axborot fanlari”, “Matematika va biznes boshqaruvi” yo‘nalishlarida tamomladim. Hozir “Morgan Stanley” shirkatida mehnat faoliyatimni olib boryapman.

Tayms skveridagi ulkan peshlavhada suratim berildi

“Morgan Stanley”da 2020-yil ma’lum muddat amaliyot o‘taganman. Amaliyotga qabul qilinish jarayoni “Red Hat” kompaniyasida stajirovkamni yakunlashga yaqin boshlangan. Ya’ni “Morgan Stanley”da ishlaydigan tanishim bilan bog‘lanib undan tavsiyanoma olganman. Arizani topshirganimdan bir oy o‘tib, meni ularning Nyu-Yorkdagi bosh ofisiga intervyuga chaqirishdi. Intervyuda shirkatning ikki vakili bilan texnikaviy, xulqiy va shu kabi boshqa mavzularda savol-javob bo‘ldi. Keyin bir hafta o‘tib, intervyudan muvaffaqiyatli o‘tganim to‘g‘risida qo‘ng‘iroq qilishdi. Shu tariqa “Morgan Stanley”da amaliyotni o‘taganman. Amaliyotning dastlabki kunlari men uchun unutilmas voqea sodir bo‘ldi. Aniqrog‘i, kompaniya ma’muriyati tashabbusi bilan Nyu-Yorkning mashhur Tayms skveridagi ulkan peshlavhada mening ism-sharifim va suratim e’lon qilingan. Bundan nihoyatda xursand bo‘lganman. Bu yangilik o‘sha vaqt O‘zbekistondagi bir qator nashrlarda ham berildi. Yurtdoshlarimizni ushbu qo‘llab-quvvatlashi ikki hissa meni quvorntirgan.

4 yil davrga barcha xarajatlarni qoplab beruvchi grant berishdi

Andijonda o‘qib yurgan kezlarimdan qo‘shimcha xorijiy tillarni ayniqsa, ingliz tilini mukammal o‘rganishga harakat qilganman. Maqsadim, xorijning nufuzli ta’lim dargohlarida o‘qish bo‘lgan. Berea kolleji haqida litseyning birinchi bosqichida o‘qiyotganimda eshitganman va aynan Bereada o‘qish men uchun muhim maqsadga aylangandi. Lekin litseyni tugatib ba’zi sabablar bilan Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetiga hujjat topshirdim. Universitetga afsuski grantga emas, balki kontrakt asosida qabul qilindim. Shu tufayli ham yana Berea kollejiga topshirish ishtiyoqi kuchaydi. 2016-yil noyabr oyida barcha kerakli hujjatlarni tayyorlab kollej ma’muriyatiga yubordim. Shunday bo‘lsa-da, Vestminster universitetidagi o‘qishni davom ettirib turdim. 2017-yil aprel oyining boshlarida Berea kollejidan o‘qishga qabul qilinganligim to‘g‘risida xat kelgan.

Bu yerga kelishimning yana bir asosiy sabablaridan biri – Qo‘shma Shtatlarning yuqori darajadagi sifatli ta’lim tizimi, ayniqsa, men tanlagan sohada. Undan tashqari, moliyaviy sabablarga ko‘ra, to‘liq grant olib o‘qish men uchun juda muhim edi. Berea kolleji esa 4 yillik o‘qish uchun barcha xarajatlarni qoplab beruvchi grantni taqdim etgan.

60 dan ko‘p binolarni o‘z ichiga olgan

Kollejim Berea shaharchasida joylashgan. Shahar adirlar va kichik o‘rmondan iborat yashil tabiatli hudud. Kollej shaharning katta qismini egallagan. Bereani talabalar shaharchasi deguvchilar ham bor. Kollejda dunyoning 120 dan ziyod davlatlari va AQShning deyarli barcha shtatlaridan kelgan 1600 dan ortiq talabalar tahsil olishadi. Berea kolleji 60 dan ko‘p binolarni o‘z ichiga olgan. Ulardan 15 ga yaqini talabalar yotoqxonasi, ulkan kutubxona, sport kompleksi, aniq fanlar va boshqalardan iborat.

Qolaversa, kollejda talabalar darslardan tashqari kompusda tayinlangan ishlarda haftasiga 10–15 soat ishlashlari lozim. Bu ishga albatta oylik to‘lanadi. Talabalar ishdan topgan pullarini o‘zlarining shaxsiy xarajatlari uchun sarflashlari mumkin.

AQShni yangiliklar, yangi kashfiyotlar markazi deb o‘ylaganman

Bolalikdan AQShni yangiliklar, yangi kashfiyotlar markazi deb o‘ylaganman. Va bu yerga kelib fikrlarim ko‘p jihatdan o‘zini oqladi. Haqiqatan ham AQSh yirik moliyaviy va innovatsion markaz. O‘rganadigan tajribalar talaygina.

O‘ylashimcha, AQShning fuqarolarga individual sharoitlar yaratib berayotgani, qonun himoyasining to‘liq ishlashi, yutuqlar va g‘oyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mamlakatning bugungi mavqeyiga sabab bo‘lgan. Eng muhimi, bu yerda fuqaroning yoshi, ijtimoiy kelib chiqishi, mansabidan qat’i nazar o‘z g‘oyasi yoki biznesini boshlash uchun barcha kerakli manbalar va qonunchilik mexanizmi yetarlicha yaratilgan.

Kelajagimni O‘zbekistonda ko‘raman

Yaqinda, aniqrog‘i o‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekistonga borib keldim. Ochig‘i, 4 yildan ortiq vaqt davomida mamlakatimizdagi o‘zgarishlarni ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Avvaldan ham o‘zi internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali yangiliklarni kuzatib kelganman.  Lekin ijobiy o‘zgarish va yangi bunyodkorlik ishlarini ko‘z bilan ko‘rish boshqacha hissiyot berdi.

Kelajakdagi maqsadlarim ko‘p. Bulardan eng asosiysi tanlagan sohamda bilim va tajribalarimni ko‘paytirib, professional darajaga yetishish va shu orqali boshqalar uchun yaxshilik keltiradigan ishlarni amalga oshirishdir. Umuman kelajagim va taqdirimni O‘zbekistondan yiroqda tasavvur qilmaganman. Fursat yetib albatta mamlakatimizga qaytib xayrli rejalarimni amalgan oshiraman.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring