Britaniya nashri «ICTWeek-2022» AKT haftaligi haqida

Londonda investorlar orasida mashhur bo‘lgan «bne IntelliNews» onlayn nashri «O‘zbekiston 2022 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan AKT haftaligida IT sohasidagi muvaffaqiyatlarni namoyish etdi» sarlavhali maqolani e’lon qildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar bermoqda.
Unda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda «ICTWeek-2022» axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan ulkan iqtisodiy islohotlar dasturi samaralarini keng namoyish etish imkonini berdi.
«Jahon banki O‘zbekiston misli ko‘rilmagan iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni boshidan kechirayotganini ta’kidladi, deb yozadi Britaniya nashri. «ICTWeek-2022» ko‘rgazmasida ma’ruzachilar ham bunga dalillarni e’tirof etdilar: O‘zbekiston ayni paytda elektron hukumat reytingi bo‘yicha dunyoda 9-o‘rinni egallab turibdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 18 pog‘ona yuqori. Mamlakatning bundan ham yuqoriga ko‘tarilishi kutilmoqda».
Britaniya onlayn nashrida yozilganidek, O‘zbekistonning yangi AKT infratuzilmasining asosiy bo‘g‘ini uning IT parki hisoblanadi. Chunki Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi salohiyatli xodimlar uchun jozibador shart-sharoitlar yaratishga intilmoqda. Ta’kidlanishicha, Toshkent texnoparki o‘z IT biznesini O‘zbekistonga ko‘chirmoqchi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy elementi hisoblanadi.
«Vazir Sherzod Shermatov park ishtirokchi bo‘lgan rezidentlar 2028-yil 1-yanvarga qadar «soliqlardan to‘liq ozod etilgani»ni aytdi. Ushbu soha xodimlariga beriladigan IT vizasi esa O‘zbekiston fuqarolari bilan deyarli bir xil huquqlarni taqdim etadi va ularga ko‘chmas mulk sotib olish imkonini beradi», deb yozadi «bne IntelliNews».
«BNE INTELLINEWS» Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo, Afrika va Yaqin Sharq bo‘yicha biznes yangiliklari va ma’lumotlarini nashr etadi hamda 72 dan ortiq turli mamlakatlar va 400 sanoat/tovar toifalari bo‘yicha prognozlarni e’lon qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter