Mandat javoblarini SMS orqali olish xizmatini yo‘lga qo‘ygan o‘zbek ayoli — Ra’no Siddiqova bilan suhbat (video)
“IT-Woman” ko‘rsatuvining bugungi qahramoni Plug and Play kompaniyasining partnyorlar bilan hamkorlik menejeri Ra’no Siddiqova.
— An’anaviy savolimizdan boshlaymiz. AyTi olamiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan? Nima sababdan aynan bu sohani tanlagansiz?
— Bilasizmi, men AyTini emas, AyTi meni tanlagan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Dastavval, Ucell kompaniyasining marketing bo‘limida ish boshlaganman. Keyin Advantur kompaniyasining AyTi bo‘limini boshqarganman. So‘ngra AyTi kompaniyalarning taklifi bilan shu yo‘nalishda ishimni davom ettirganman.
— Bolalikdan nimalarga qiziqqansiz? Hobbingiz bormi?
— Bolaligimda diktor bo‘laman, deb orzu qilardim. Keyinchalik ingliz tiliga qiziqishim ortib bordi. Ammo men ingliz tilida dars berishni emas, balki shu tilda ish yuritishni istardim. Hozirda niyatim amalga oshib, o‘zim istagandek ingliz tilida ishlayapman.
— Qiz bola sifatida ushbu sohani tanlashingizga oila a’zolaringiz qanday fikr bildirishgan?
— Oila a’zolarim kasbim bo‘yicha meni hamisha qo‘llab-quvvatlashgan. Yangi ishga kirayotganimda ham ota-onamga avvaldan ishim ko‘p bo‘lishini aytganimda, ular buni to‘g‘ri qabul qilib, hattoki bizdan nima yordam, deb qo‘llab-quvvatlashgan. Muhimi, qilayotgan ishim odamlarga foyda berishini istashadi.
— Shu o‘rinda sohaning ayollar uchun afzalliklari haqida ham batafsil aytib o‘ting…
— Ayni damda asosiy ishimdan tashqari, ayollarga aloqador Woman Techmakers ambassadoriman. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, AyTi sohasining ayollar uchun afzalliklari talaygina bo‘lishiga qaramay, negadir mentalitetimizda AyTi — ayollar uchun emas, degan streotip saqlanib qolgan. Lekin shaxsan o‘zim AyTi sohasining vakili sifatida ishonch bilan ayta olamanki, AyTi — ayollar uchun eng qulay soha. Ayniqsa, qiz bola turmushga chiqqanidan so‘ng kun bo‘yi ishlashga sharoiti bo‘lmasa ham xorijiy tillarni va o‘z kasbini yaxshi bilsa, dunyoning istalgan mamlakatidagi yirik kompaniyalarda masofadan ishlab, yuqori daromad topishi mumkin. Shuningdek, AyTi — bu faqat dasturlash, degani emas. Uning yo‘nalishlari juda ko‘p. Shu bois ham ishni boshlash va davom ettirish ham boshqa sohalarga qaraganda ancha oson.
— AyTiga 3 ta so‘z bilan ta’rif… AyTi siz uchun nima?
— Yangilik, qulaylik va shaffoflik!
— AyTi sohasiga kirish istagidagi yoshlarga, qizlarga tavsiyalaringiz...
— AyTi sohasiga kirish istagidagi yoshlarga birinchi tavsiyam — ingliz tilini o‘rganing! Chunki AyTining imkoniyatlari juda katta. Lekin ulardan foydalanish uchun birinchi navbatda ingliz tilini yaxshi bilish kerak. Ikkinchi tavsiyam — qo‘rqmasdan savol bering. Bilmaganni so‘rab o‘rganib, o‘z fikrini erkin ifoda eta olish AyTi mutaxassisi uchun juda muhim sifatlardan biri desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.
E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter