Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Google vatandoshimizni ishga taklif qildi

Google vatandoshimizni ishga taklif qildi

Foto: Azimjon.com

Xabaringiz bor, saytimiz FAANG (Facebook, Amazon, Apple, Netflix, Google) kompaniyalarida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik dasturchi yoshlar haqida muntazam maqolalar berib boradi.

Yaqinda o‘zbekistonlik yosh dasturchi Azimjon Po‘latov nufuzli Google kompaniyasidan ish taklifi olgan vatandoshlarimiz safiga qo‘shildi.

Ma’lumot uchun: Azimjon Po‘latov ayni paytda Amazon kompaniyasida faoliyat olib bormoqda. Googlega ishga kirish jarayoni qanday kechgani haqida uning o‘zi hikoya qiladi.


Kuni kecha Googledan ushbu xabarni oldim. Xabarda suhbat yaxshi o‘tganligi va ish taklifi yuborganligi aytib o‘tilgan.

Bu ishda Google qilish o‘rniga, Googleda ish qilish vaqti keldi, degani.

Bundan ikki hafta oldin Googlega topshirib ko‘rdim.

Roppa-rosa ikki oydan so‘ng, Google Cloudning Kubernetes (k8s) jamoasiga qo‘shilaman. Uch yil avval k8s ishlatayotib, bir kun kelib k8s ustida ishlashimni tasavvur ham qilmagandim. Qattiq mehnat va doimiy harakat o‘z mevasini berdi.

1-bosqich: Yozda birga kod yozamiz

FAANG kompaniyalaridan taklif olishimda “Yozda birga kod yozamiz”ning o‘rni katta. 3 yildan buyon YBKY darslarini tashkillashtirib kelaman va har yili aynan shu mentorlik so‘ngida 2021-yil Facebookdan, 2022-yil Amazondan taklif olgandim. 2023-yil esa taklif beruvchilar safiga Google ham qo‘shildi. Bu tasodif emas.

O‘rgatish, tushuntira olish yaxshi dasturchi uchun eng muhim qobiliyatlardan biri. “Yozda birga kod yozamiz” menga aynan shu narsani berdi. Algoritmlarni tushunishdan ko‘ra tushuntirish ancha mushkulroq.

2-bosqich: Algozon & Algothon 

Amazondagi hamkasblarim bilan algoritmlarni mustahkamlash uchun Algozon degan guruh yaratdik — ishdan keyin qolib 10 kuncha masalalar yechdik.

Dam olish kunida Algothon (algoritmik marafon) ham tashkillashtirdik. Marafonda 42 km yugurilsa, Algothonda 42 ta algoritmik masala yechdik. Juda foydali bo‘ldi.

3-bosqich: Googler tavsiyasi

Katta kompaniyalarga topshirishda tavsiyalarga skeptik qarayman — ko‘p foydasi tegmasa kerak. Amazonda so‘ngi 1 yil ichida 20 kishiga referral berdim, afsuski biror kishi hatto suhbatgacha o‘ta olmadi.

Googleda vaziyat boshqacha ekan. Vohid akaning tavsiyasi bilan topshirib juda to‘g‘ri qilgan ekanman. Rekruter tavsiya orqali chiqqanini va aynan shu tavsiya tufayli “phone screening” suhbatini o‘tkazib yuborishimizni aytdi.

4-bosqich: On-site, kyetma-kyet suhbatlar

To‘rtta suhbatning hammasini 1 yoki 2 kunga bo‘lib olsa bo‘ladi — 1 kunda olishni ma’qul ko‘rdim. Charchab qolish hech gap emas, ayniqsa, yaxshi uxlamagan bo‘lsangiz.

Birinchi suhbatni yaxshi boshlab oldim. Birin-ketin muammoga bir necha algoritmlar berishni boshladim. Suhbat oluvchi yechim yoqqanini aytib, kod yozishim mumkinligini aytdi.

Kod yozishga kelganda qayerdandir hayajon bosib, kod yoza olmay qoldim. Hatto oddiy 2 interval kesishini tekshiradigan logika yozishda ham negadir miyam tormozlanib qoldi. 45 daqiqa vaqt juda tez o‘tib, yechimimni tugallashga vaqt qoldirmadi.

Ikkinchi suhbat “behavioural” — xulq-atvorni tekshiradigan, har xil vaziyatlarda nima qilgan bo‘lardingiz degan savollarga boy bo‘ldi. Aynan shu roundda “googliness” tekshiriladi.

Uchinchi va to‘rtinchi suhbatlara hayajon yo‘qolib, o‘zimni erkin his qila boshladim. Masalalarni yechib, kodini yozib, test qilib berdim. Suhbatlar yaxshi o‘tdi. So‘nggi suhbatda vaqt tugagan bo‘lsa ham, biroz ko‘proq qolib qiziqtirgan savollarimni so‘radim.

“Xayr” deyish o‘rniga, “ko‘rishguncha” deb xayrlashdi.

5-bosqich: Savdolashish

Suhbat juma kuni bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, dushanba kuni rekruter aloqaga chiqib suhbat yaxshi o‘tganini va qancha oylik maosh kutayotganligimni so‘radi. Payshanba kuni esa offer (taklif) yubordi.

Birinchi taklif — eng yaxshisi bo‘lmaydi. Shuning uchun oylikning naqd qismini 4,5 foiz atrofida oshirishlarini so‘radim va sal o‘tib rekruter yangilangan taklifni yubordi.

So‘ragan oyligini berganda, dasturchilar:

Nega ko‘proq so‘ramadim-a?

Savdolashganda siz rozi bo‘ladigan narxni emas, siz xursand bo‘ladigan narxni aytgan yaxshi. Savdolashmasdan taklifni qabul qilmang.

Nihoyat, Amazon, Facebook va Bloomberg takliflari qatoriga Googleniki ham qo‘shildi.

Bolalar, biz yutdik!

Hamyurtimizni ushbu muvaffaqiyati bilan tahririyatimiz jamoasi ham tabriklaydi!

 Nurillo To‘xtasinov tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring