Million dollarni ko‘zlayotganlar: Xorazmni qayta kashf etamiz (video)
Al-Xorazmiy kabi buyuk olimlarni yetishtirgan Xorazm hozir ham texnik fanlar bo‘yicha yuqori salohiyatga egaligi barchamizga ma’lum. Yaqindan boshlab faoliyat yuritayotgan IT- Park filiali va Urganch shahrida barpo etilayotgan “Al-Xorazmiy” shaharchasi ushbu viloyatni O‘zbekistonning IT-markaziga aylantirishi shubhasiz.
“Xabar.uz” viloyatlarning axborot texnologiyalari sohasidagi salohiyatini yoritish maqsadida “IT-tur” loyihasiga qo‘l urganidan xabaringiz bor. Avvalgi IT-turlarda Jizzax va Samarqand viloyatlarining ushbu sohadagi yutuqlariga to‘xtalib o‘tgan edik. Bugun esa siz uchun Xorazmni qaytadan kashf etmoqchimiz.
– Endilikda IT-sohasini o‘rganish yoki o‘z faoliyatini tashkil etish uchun viloyat markazlariga borish shart emas, – dedi biz bilan suhbatda IT-Park Xorazm filiali direktori Umid Jumaniyozov. – Xorazm viloyati bo‘ylab har bir tumanda IT-Park markazlari tashkil etiladi va bu Xorazm tajribasi sifatida aks etadi. Bu esa nafaqat viloyat, balki o‘z tumanini tark etmagan holda chet el kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va o‘z dasturiy ta’minot mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatini yaratadi.
Yana bir quvonarli yangilik, maktablarda ham AyTi-sinflari tashkil etiladi. Ayni paytda viloyat bo‘ylab 130 ta maktab tanlab olingan. Shuningdek, yana bir Xorazm tajribasi sifatida ilk onlayn akademiyani aytishimiz mumkin. Bu an’anaviy IT-ta’lim texnologiyalaridan chetlashgan holda, mutlaqo onlayn platformani o‘z ichiga oladi.
Xorazm viloyatida IT-xizmatlar va mahsulotlar eksporti hajmi 2022 yilda 370 ming dollardan oshiqroq bo‘lgan. Rezidentlarning bu boradagi faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
– Kompaniyaga asos solganimizga 3 yil bo‘ldi, – dedi “The United One” MChJ operatori Javohir Ozodov. – O‘tgan yili esa IT-Parkga rezident sifatida qo‘shildik. Kompaniyamiz asosan logistikaning Safety, Accounting va uning dispetcherlik sohalarida ish yuritadi. IT-Parkning biz uchun eng katta afzalliklaridan biri bu – kadrlar bilan bog‘liq masalalarni hal qilish. Negaki, IT-Park ish beruvchi va xodimlarni bir-biri bilan bog‘lab beradi. Dastlab faoliyatimizni 6 kishidan boshlagan bo‘lsak, hozirda 50 ta ishchi o‘rniga egamiz va yil oxiriga borib, ushbu ko‘rsatkichni 100 nafarga yetkazish niyatimiz bor. Yillik eksport miqdori esa hozirda 650 ming dollarni tashkil etadi. Yil oxirida bu ko‘rsatkichni 1 mln dollarga yetkazishni mo‘ljallayapmiz.
– Hozirgi vaqtda faoliyatimiz IT-mutaxassislarni tayyorlash va yoshlarga o‘z ishlarini yaratishda yordam berishga qaratilgan, – dedi San’atbek Masharipov. – Ayni damda TATUda o‘qituvchilik faoliyatimni olib boraman, shuningdek, "Mustafo Software" MChJ ta’sischisiman. Eng esda qolarli loyihalardan biri sifatida “Taksi”ni aytishimiz mumkin. Ushbu loyiha 2011 yilda Sochiga eksport qilingan. U vaqtlarda Rossiyada hali “Yandex Taxi” xizmati yo‘lga qo‘yilmagan edi. Yana bir muvaffaqiyatli loyihalardan birini Ichki ishlar uchun amalga oshirganmiz. Ushbu loyiha sharofati bilan aynan Xorazm viloyati hududida sodir etilayotgan qonunbuzarliklar 20-30 foizga kamaygan. Bunga sabab bizning dasturchilar tomonidan chaqiruv tizimining avtomatlashtirilishi bo‘lgandi. Chaqiruv muddati ilgari o‘rtacha 20 daqiqani tashkil etgan bo‘lsa, dasturlash orqali bu vaqt 2-3 daqiqagacha qisqargan”.
Buyuk bobokalonimiz Al-Xorazmiy vatanida raqamli islohotlar qanday kechayotgani va rezidentlar faoliyatiga video orqali guvoh bo‘ling va baho bering!
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter