Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Жахонгир Рахмонов

«Учитесь, делитесь и вдохновляйтесь!»

Dasturchi sifatida qayerda ishlashingiz kerak?

Dasturchi sifatida qayerda ishlashingiz kerak?

Karerangiz rivojlanishida qayerda ishlashingiz juda ham muhim. Yaxshi kompaniya va yaxshi jamoada 1 yil ishlab, sizga to‘g‘ri kelmaydigan kompaniyada bir necha yil ishlagandan ko‘ra ko‘proq tajriba ortirishingiz mumkin.

Undan tashqari, qanday kompaniyalarda ishlashingiz sizning odatlaringizga va fikrlashingizga katta tasir qiladi. Dasturchi sifatida siz har kuni har xil turdagi muammolarga va ishlarga duch kelasiz. Ularni ma’lum bir usulda yechasiz. Shunday qilib har xil odatlar va fikrlashingiz sizda rivojlanib boradi. Qaysi tarafga qarab rivojlanishi esa siz hal qilayotgan muammolarga va ishlarga bog‘liq. Shuning uchun ham bu savol ustida yaxshilab o‘ylanishingiz kerak.

Kompaniyalar turlari

Kompaniyalarning biznes modeli asosan ikkigaga bo‘linadi:

  • Product-oriented;
  • Outsource.

Product-oriented yani mahsulotlarni o‘zlari o‘ylab topib o‘zlari ularning ustida ishlaydigan kompaniyalar, bitta mahsulot ustida uzoq muddat davomida ishlashadi. Bunday kompaniyalarda siz doimo mahsulotga funksiyalar qo‘shasiz yoki olib tashlaysiz, unumdorlikni oshirasiz. Mahsulotni «bozor»ga chiqarganingizda ishingiz endi boshlangan bo‘ladi. Chiqarganingizdan so‘ng tezda uni yaxshilamasangiz, xatolarini to‘g‘irlamasangiz mijozlaringiz ketib qolishi va natijada raqobatchilaringiz yutib ketishi mumkin.

Bunday kompaniyalarda dasturchilardan sifati katta bo‘lgan kod yozish talab qilinadi. Chunki funksiyalarni o‘zgartirish kerak bo‘lganda kod yaxshi yozilmagan bo‘lsa, dasturchilarning va biznesning ishi chatoq bo‘ladi. Shuning uchun ham dasturchilar «texnik qarzlar»ni vaqtida to‘lab borishlari va umuman olganda kodlarini «remont» qilib turishlari zarur. Agar vaqtida yetarli e’tibor berilmasa dasturchilar 2-3 yilda katta muammolarga uchrashlarini bilishadi. Bu narsa albatta faqatgina yangi funksiyalar ustida ishlay olmaysiz degani.

Bunday kompaniyalarda sizning fikrlashingiz va odatlaringiz sifatli va oson o‘zgartirsa bo‘ladigan kod yozish tarafga qarab rivojlanib boradi.

Yana bir eslatib o‘tishga arziydigan tarafi, bunday kompaniyalarda qanday funksiyalarni qo‘shish qo‘shmaslikni hamma hal qiladi. Mahsulot menejerlaridan tortib dasturchilargacha. Mahsulot huddi o‘zingizning bolangizdek bo‘lib qoladi.

O‘zbekistonda bunday kompaniyalarga ’Super Dispatch’ni misol qilib keltirishimiz mumkin. Bu kompaniya «bola»sini yillar davomida yetishtirib kelmoqda. «Bola»si muvaffaqiyatli bo‘lsa o‘zi ham muvaffaqiyatli bo‘ladi.

Outsource

Bunday kompaniyalar o‘zlari biror mahsulot o‘ylab topmaydi, balki ularni mijozlardan olib ular uchun qurib berishadi. Bunday kompaniyalarda ishlaydigan mahsulotni mijozga vaqtida yetkazib berish eng birinchi o‘rinda turadi.

Siz dasturchi sifatida mijoz so‘ragan narsalarni tezda va vaqtida yetkazib berishga harakat qilasiz. To‘g‘ri va sifatli qilish siz uchun birinchi o‘rindagi muammo emas. Chunki 3-4 yildan keyin baribir ham katta ehtimol bilan siz bu mahsulot ustida ishlamaysiz. Og‘riqni his qilmaysiz. Boshqa loyiha ustida ishlayotgan bo‘lasiz.

Natijada siz turli hildagi loyihalarni tezda qurishni o‘rganasiz, arsenalingizda juda ko‘p texnologiyalar bo‘ladi. Lekin prioritetlar boshqacha bo‘lgani sababli, sizning odatlaringiz va fikrlashingiz ishni tezroq bitirish tarafga qarab rivojlanib boradi, sifatli (va sekinroq) qilishga emas. Chunki siz shunchaki birovning «bola»siga vaqtincha qarab turibsiz xolos.

Yana bir eslatib o‘tishga arziydigan tarafi, bunday kompaniyalarda qanday funksiyalarni qo‘shish qo‘shmaslikni mijoz hal qiladi. U nima desa shu.

O‘zbekistonda bunday kompaniyalarga ko‘p mahalliy kompaniyalarni misol qilib keltirish mumkin. Ular mijozlardan buyurtma olib ular uchun aytilgan mahsulotni qurib berishadi. Mijozlar «bolalari»ga vaqtincha qarab turishadi. Shu qilgan xizmatlari uchun daromad topishadi. U bolalar muvaffaqiyatli bo‘ladimi yo‘qmi farqi yo‘q.

Xulosa

Ikkala turdagi kompaniyalarning o‘ziga yarasha yaxshi va yomon taraflari mavjud. Product-oriented kompaniyalarda siz bitta loyiha ustida yillar davomida ishlaysiz. Shuning uchun ham kelajak haqida ko‘p qayg‘urasiz. Natijada kodingiz sifatliroq va o‘zgartirishga osonroq bo‘ladi.

Outsource kompaniyalarda esa siz turli xildagi loyihalar ustida kichik mudatda ishlaysiz. Mijoz aytgan ishni vaqtida qilib berish siz uchun eng muhim ish. Natijda sizning portfolioingizda ko‘p loyihalar va turli xil texnologiyalar bo‘ladi. Lekin odatlaringiz va fikrlashingiz aynan tez qilishga qaratilgan bo‘ladi, sifatli qilishga emas.

Shuning uchun ham to‘g‘ri loyiha va to‘g‘ri dasturchilar tanlash juda muhim. Outsource kompaniyalarda ko‘p yillar ishlab kelgan dasturchilarni Product-oriented kompaniyaga olib kelsangiz boshlang‘ich natijalarga tez erishishingiz mumkin lekin kod sifati tushib ketishi mumkin. Product-oriented kompaniyalarda ishlagan dasturchini outsource’ga olib kelib qo‘ysangiz ish juda sekin bitishi mumkin.

«Ikkalasi ham o‘ziga yarasha yaxshi» deyish mumkin. Lekin mening fikrimcha Product-oriented korxonalarda ishlash - yaxshiroq tajriba, yaxshiroq odatlar va yaxshiroq fikrlashga olib keladi. Menimcha bitta loyiha va bitta texnologiya stekida yillar davomida ishlash har xil loyihalar ustida qisqa muddat davomida ishlashdan ko‘ra yaxshiroq natija beradi.

Qisqacha qilib aytadigan bo‘lsam sifatli kod yozish va dizayn qilish ko‘proq mahorat talab qiladi. Va bu mahoratni odatda Product-oriented kompaniyalarda o‘rganish, rivojlantirish osonroq bo‘ladi.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети