Ahror MAHMUDOV: “Ayti” mutaxassisi doim yangi marraga intiladi(VIDEO)
“IT-Motivatsiya” ko‘rsatuvining bu galgi qahramoni IT xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha dunyo miqyosida yetakchilardan biri bo‘lishni asosiy maqsad qilib olgan Genesis Innovation kompaniyasi boshqaruvchisi, IT-Park rezidenti, IT tadbirkor Ahror MAHMUDOV.
Ahror MAHMUDOV 1984-yili Toshkent shahrida tavallud topgan;
Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan;
O‘zbekiston IT bozorining yetakchi va tan olingan ekspertlaridan biri hisoblanadi.
– Assalomu alaykum, avvalo bugungi kundagi faoliyatingiz haqida ma’lumot berib o‘tsangiz.
– Xabaringiz bor, keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston bozorida IT sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu jumladan, bizning kompaniyamiz ham qisqa fursat ichida katta yutuqlarga erisha olgan kompaniyalardan biri, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Dunyo hamjamiyatida IT bozori kundan-kunga rivojlanayotgan bo‘lsa, biz ham shunga qarab rivojlanishga harakat qilyapmiz.
– 2019 yilda o‘z ish faoliyatini boshlagan ushbu kompaniya qisqa fursat ichida ko‘plab mijozlarning ishonchini qozona oldi. Buning siri nimada?
– Mening fikrimcha, bu albatta, menejmentga bog‘liq. Korxonani tizimli boshqarishni yo‘lga qo‘ymasa, kutilgan marraga erishish oson bo‘lmaydi. Avvalo, biror-bir yangilikni yoki xizmat turini o‘zimizda sinab ko‘rib, keyingina hamkorlarimizga va mijozlarimizga taklif qilamiz.
– Sir bo‘lmasa shu paytga qadar nechta kompaniyalarga xizmat ko‘rsatgansiz?
– Hozirgi vaqtda shu qisqa vaqt ichida 60 ga yaqin davlat idoralariga xizmat ko‘rsatib kelyapmiz. Bu xizmatlar, albatta, yil davomida amalga oshiriladi.
– Sizningcha, IT biznes muhitining o‘ziga xos jihati nimada?
– Har bir IT mutaxassisi qaysidir marraga yetganidan so‘ng yanada yangi marralarni zabt etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Kompaniyamiz ham avvalo nima qilsak yanada ko‘proq marralarni zabt eta olamiz, deb o‘z oldimizga maqsad qo‘ygan holda faoliyat yuritamiz.
Har bir sohaning eng zo‘ri bu IT mutaxassisi hisoblanadi. Oddiy bir etikdo‘zni olaylik, u agar axborot texnologiyalaridan xabardor bo‘lsa, o‘z biznesini raqamlashtirish orqali yanada ko‘proq foyda ko‘radi, rivojlanadi.
– Biznesni avtomatlashtirish uchun Genesis Innovation kompaniyasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Hozirgi kunda dunyo bozori ochiq. IT-Park ham o‘z rezidentlariga juda katta imkoniyatlar bermoqda. Kompaniyalar ham, shu jumladan, bizning kompaniyamiz ham o‘z navbatida bu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, o‘z mijozlariga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishmoqda. O‘zbekistonda eng katta daromad topadigan soha vakillari ham aynan IT mutaxassislari ekanligi ham kompaniyamizga ko‘plab yoshlar tomonidan qiziqishlar ortayotganligiga sabab bo‘lmoqda.
– Pandemiya kompaniyangiz faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
– Panademiya bir tarafdan qandaydir qiyinchiliklarga olib kelgan bo‘lsa, boshqa tarafdan juda katta imkoniyatlarni berdi. Avvallari uydan turib masofaviy ishlashni ko‘pchilik tasavvur ham qila olmasdi.
Hozirgi kunda IT mutahassislari erkin grafik asosida ish faoliyatini olib borganda ish koeffitsiyentining yanada ortganiga guvoh bo‘ldik. Bundan tashqari, xaridorlarga uyda o‘tirgan holda xarid qilish, turli tadbirkorlarga esa onlayn savdo qilish imkoniyatini berdi. Bu ham pandemiyaning tadbirkorlik sohasining rivojlanishiga ta’siriga yaqqol misol bo‘la oladi.
– Nega yoshlar IT sohasini tanlamasliklari kerak?
– Agar menga shunday imkoniyat berilganda, hamma yoshlarni IT mutaxassisi bo‘lishini istar edim. Aslida har bir sohada IT mavjud. Masalan, tibbiyot sohasini oladigan bo‘lsak, yaqin kelajakda katta-katta jarrohlik amaliyotlarida ham sun’iy intellektdan foydalaniladi.
– Kompaniya rahbari yosh dasturchilarni ilhomlantirish uchun nima qilishi kerak?
– Yoshlarni ilhomlantirish uchun ularni qo‘llab-quvvatlash kerak, ularga imkoniyatlar eshigini ochish kerak. IT sohasida juda katta bir ofis shart emas. Hatto uydan turib ham ishlash mumkin. Yoshlarimiz orasida, hatto qishloq sharoitlarida ham o‘z ustida ishlab, turli yangiliklar yaratayotgan yoshlar mavjud. Ularni topib, e’tibor qaratib, qo‘llab-quvvatlasak, nur ustiga nur bo‘ladi.
– Boshqaruvchilik faoliyatingizda qaror qabul qilishga qiynalgan paytlaringiz ham bo‘lganmi?
– Bilasizmi, agar rahbar kishi qaror qabul qilishga qiynalsa u o‘z joyini bo‘shatib qo‘yishi kerak, Bizda esa jamoa bilan “Kuch birlikda” aqidasiga amal qilgan holda maslahatlashib qarorlar qabul qilinadi.
– Jamoani shakllantirishda nimalarga e’tibor qaratasiz?
– Bizning jamoa – bir oila. Birining qo‘liga zirapcha kirsa, butun jamoaga ta’sir qiladi. Bizda mana shu oila bilan hamfikrlikda, hech qanday sir saqlamagan holda ishlash talab qilinadi. Ishga olinayotgan xodimlarga eng katta talab o‘ziga kamida ikkita shogird olishi kerak bo‘ladi. Ya’ni, ustoz-shogird an’anasiga amal qilgan holda ish olib boriladi.
E’zoza TURG‘UNOVA suhbatlashdi


Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter