UzOS yoki UzbOS: o‘zbek operatsion tizimi qachon yaratiladi?
Android va iOS foydalanuvchilar soni bo‘yicha dunyoda yetakchilikni qo‘lga kiritib, hali-beri taxtdan tushish niyati yo‘qligini hammaga anglatib ulgurdi. Ammo ular yolg‘iz emas, tobora atrofiga sheriklarini yig‘moqda. Ya’ni ko‘plab davlatlar o‘zlarining shaxsiy operatsion tizimlarini yaratishga o‘tishdi.
Masalan, Rossiyada 20 ga yaqin katta-kichik operatsion tizimlar yaratilgan, ular ichida «Avrora» yetakchilik qiladi. U 2019 yili taqdim etilgan bo‘lib, bugungi kunda yuz mingdan ortiq qurilmalarda foydalanilmoqda.
Hindistonda ham Apple va Google ishlab chiqqan operatsion tizimning o‘rnini bosuvchi muqobil variant yaratilish arafasida, unga IndOS nomi berildi. Aslida mamlakat aholisining 95 foizi Android, 4 foizi iOS, 1 foizi boshqa operatsion tizimlarni ishlatadi. Lekin mualliflik ishlanmasi bilan ko‘p foizli Android foydalanuvchilarni yangi operatsion tizimga jalb etish maqsad qilingan.
Albatta, bugungi kunda global mahsulotlardan ko‘z yumolmaymiz. Ammo zamon taraqqiyoti bilan hamnafaslik ham muhimdir. Agar o‘zbek operatsion tizimi yaratilib, avvaliga u mamlakatimiz aholisi foydalanishiga topshirilsa, afzalliklarini isbotlasa, so‘ng chet davlatlarga eksport qilish haqida ham bosh qotirib ko‘rish mumkindir. Axir yaxshi mahsulot yerda qolmaydi-ku. Bu davlatning axborot texnologiyalari sohasidagi barqarorligini oshirishi ham tabiiy.
To‘g‘ri, mukammal operatsion tizimga katta sarmoya kiritish zarur. Lekin u ertaga albatta o‘zini oqlaydi, mevasini beradi. Sohalar aro ixtisoslashgan operatsion tizimlarning yaratilishi turli kasb vakillarining ishini yengillashtirgan bo‘lardi.
Balki, bundan 15-20 yillar avval har bir davlatga xos mualliflik ixtirolari dolzarb bo‘lmagandir, hamma tayyori va tan olinganini ishlatishni ma’qul ko‘rgandir, biroq bugungi kun bozori mualliflik ixtirolariga ochiq. Zotan, axborot texnologiyalari yangi, yuragi qaynoq, kashfiyotlarga qodir kadrlarni yetishtirib bermoqda.
O‘zbekistonda ham sohaning malakali mutaxassislari talaygina. Ixtisoslashgan ta’lim muassasalari yiliga qanchadan-qancha kadrlarni mehnat bozoriga yo‘llamoqda. Xo‘sh, unda qachon o‘zimizga xos operatsion tizim mehnatidan bahramand bo‘lamiz? Balki, uning nomi UzOS yoki UzbOS bo‘lar? Mayli, nomi muhim emas, o‘zbek operatsion tizimi qachon va qanday chiqishi bizni ko‘proq qiziqtirmoqda. Mutaxassislardan ijobiy javob kutamiz.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter