Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Samsung A32 sotaman” — yolg‘on fosh bo‘ldi

“Samsung A32 sotaman” — yolg‘on fosh bo‘ldi

Illyustrativ foto

“OLX” oldi-sotdilar platformasida o‘zgalarning cho‘ntagiga ko‘z olaytirish bilan bog‘liq jinoyatlar kamaymayapti. Ularni yoshlar sodir etayotgani esa karrasiga xavotirli.

Toshkent shahrining Bektemir tumanida yashovchi 19 yoshli M.A. ichki ishlarga arz qildi. Aytishicha, uning bank kartasidagi 1 030 000 so‘m pulni noma’lum shaxs firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib olgan.

Tezkor-qidiruv xizmatining kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoyatchi fosh etildi: Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida yashovchi I.S. ekan. Achinarlisi, u endigina 18 yoshga to‘lgan.

Gumonlanuvchi sifatida tergov harakatlariga jalb etilgan, I.S. “OLX” platformasida “Samsung A32” rusumli telefon qurilmasi sotiladi, deya yolg‘on e’lon joylashtirgan. Bu e’lonni o‘qigan M.A. bilan “Telegram” messenjerida bog‘lanadi va uni aldab, oldindan 1 030 000 so‘m miqdoridagi pulni o‘zining foydalanuvidagi bank kartasiga o‘tkazdirib olgan. So‘ngra, yozishmalarni o‘chirib yuborib, aloqani uzib qo‘ygan.

Xabarga ko‘ra, holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, I.S.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatma: Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring