Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Yangi O‘zbekiston: mustaqil taraqqiyotning axborotlashtirish asoslari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

“Yangi O‘zbekiston: mustaqil taraqqiyotning axborotlashtirish asoslari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

Unda Quyi palata deputatlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda mustaqillik, ayniqsa so‘nggi yillarda O‘zbekistonda axborotlashtirishni ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, xususan sohaning huquqiy asoslari hamda axborot olish va uni erkin tarqatish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, mustaqil O‘zbekistonning 33 yillik tarixiga nazar solinsa, axborot siyosati bo‘yicha erishilgan katta o‘zgarishlarni ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda so‘z, axborot va matbuot erkinligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy islohotlar mustaqillikning dastlabki yillaridanoq boshlangan.

Xususan, 1991-2002-yillar orasida “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari qabul qilingan.

Shuningdek, o‘tgan davrda sohaga oid qonunchilik bosqichma-bosqich takomillashdi, Prezident tomonidan axborot sohasiga tegishli bir necha muhim farmon va qarorlar, davlat dasturlari qabul qilindi. Ayniqsa, oxirgi 5-6 yilda ommaviy axborot vositalari hamda jurnalistlik va blogerlik faoliyatini kengaytirish, media-bozorda axborot ishtirokchilariga teng sharoitlar yaratish masalalari yangi bosqichga ko‘tarildi.

E’tiborlisi, har bir vazirlik va idoralarda axborot sohasiga mas’ul lavozim joriy etildi. Bu esa o‘z navbatida, axborotlashtirish, axborot olish va uni erkin tarqatish uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning bir ko‘rinishidir.

Deputatlar tomonidan aytib o‘tilganidek, milliy axborot makoni va axborot infratuzilmasini rivojlantirmay turib, so‘z erkinligi va axborot ochiqligini ta’minlashga erishib bo‘lmaydi. Shu maqsadda mustaqillik yillarida yurtimizda OAVlar uchun qulay infratuzilma yaratish borasida ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston bo‘ylab qariyb 252 ming km. uzunlikda optik tolali aloqa liniyalari yotqizildi, mobil aloqa tayanch stansiyalari soni 66,3 mingtaga yetkazildi. Natijada internetdan foydalanuvchilar soni 34 milliondan oshdi.

Tadbirda so‘z olganlar mustaqillik yillarida ayniqsa, so‘nggi yillarda ushbu sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring