NEXTGEN xalqaro IT-akademiyasi ochildi (foto)

23-mart kuni IT Park Toshkent filialida NEXTGEN ACADEMY xalqaro IT-akademiyasi ochildi.
Ma’lumot uchun: 2021 yilning noyabr oyida IT Park delegatsiyasining Bangladeshga va AIUB (Bangladeshdagi Amerika xalqaro universiteti)ga tashrifi chog‘ida Toshkent shahrida xalqaro IT-akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qilingan edi.
Ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Rustam Karimjonov “Raqamli O‘zbekiston-2030” davlat dasturi, O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xabga aylantirish va eksport hajmini oshirish bo‘yicha vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Bangladeshning O‘zbekistondagi elchisi Zahangir A’lam mamlakatimizda IT sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hajmi va sifatini yuqori baholab, yuqoridagi qo‘shma loyiha har ikki tomon uchun katta imkoniyatlar eshigini ochishiga ishonch bildirdi.
Yangi xalqaro IT-akademiya Python institute, JS institute, Cisco Academy (NetaCad) kabi ta’lim sohasidagi xalqaro venderlarning hamkoridir. Ushbu hamkorlik talabalarga xalqaro dasturlar bo‘yicha sifatli ta’lim berish va xalqaro sertifikat taqdim etish imkonini beradi.
NEXTGEN akademiyasining AIUB bilan hamkorlikda tashkil etilishi O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish hamda xalqaro ta’lim va sertifikat olishni istagan mahalliy talabalar va mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Akademiya IT sohasida jahon mehnat bozorida muvaffaqiyatli raqobatlasha oladigan malakali IT-mutaxassislarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan. Talabalarga zamonaviy IT sohasida ishlash uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkonini beruvchi keng doiradagi kurslar taklif etiladi.
Bundan tashqari, NEXTGEN ACADEMY ta’lim sifatini saqlab qolish imkonini beruvchi LMS, ERP kabi ichki ishlanmalardan foydalanadi.
Akademiyada asosiy ta’lim tili tili ingliz tili bo‘lib, bu talabalar uchun qo‘shimcha tayyorgarlik hisoblanadi, chunki sertifikatlash ingliz tilida ham olib boriladi, bu esa talabalarni xalqaro hamjamiyatda imkon qadar raqobatbardosh qiladi.
O‘qituvchilar — xalqaro standartlarga muvofiq malaka oshirgan va imtihonlardan o‘tgan mahalliy IT mutaxassislari. Bu esa talabalarga nafaqat nazariy bilimlarni, balki IT sohasida kelajakdagi karera uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan amaliy bilimlarni ham yetkazish imkonini beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter