Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kosmik faoliyat sohasi tartibga solinmoqda

Kosmik faoliyat sohasi tartibga solinmoqda

Raqamli texnologiyalar vazirligi, “O‘zbekkosmos” agentligi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan seminar o‘tkazildi.

Seminarda Qonunchilik palatasi deputatlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi, “O‘zbekkosmos” agentligi, tegishli vazirlik va idoralarning vakillari hamda xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda kosmik faoliyat ilmiy va texnologik taraqqiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylandi. Ijtimoiy-iqtisodiy hayotning ko‘plab sohalarini rivojlantirishda ushbu sohaning roli, ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shu bois, mamlakatimizda ham kosmik faoliyatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda kosmik faoliyat tamoyillari, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, sohaga mas’ul organlar, ularning sohani tartibga solish bo‘yicha vakolatlari va vazifalarini belgilab beruvchi alohida qonun mavjud emas. Kosmik faoliyatning asosiy maqsadlardan biri mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish, mudofaa qobiliyati va xavfsizligini mustahkamlash, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirishni jadallashtirishdan iborat.

Qonun loyihasi orqali kosmik faoliyatning bir qancha asosiy tamoyillari, shu jumladan, kosmik sohada teng huquqli va o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlik qilish, kosmik faoliyatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash va uni rag‘batlantirish, kosmik texnologiyalardan foydalangan holda sohalar shaffofligi va raqamlashtirish darajasini oshirishga ko‘maklashish belgilanmoqda.

Shuningdek, mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mudofaa qobiliyati va xavfsizligini mustahkamlashga ko‘maklashish hamda iqtisodiy tarmoqlarning raqamlashtirilishini jadallashtirish kosmik faoliyatning asosiy maqsadlaridan biri etib belgilanmoqda.

Seminarda qayd etilganidek, kosmik faoliyatni amalga oshirishda odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita tahdid yaratish, ommaviy qirg‘in qurolini kosmik fazoga chiqarish, joylashtirish yoki bunday qurollarni sinovdan o‘tkazish, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatish uchun kosmik texnologiyalardan va (yoki) osmon jismlaridan foydalanish hamda fazoni ifloslantirish bo‘yicha xalqaro normalar va standartlarni buzish qat’iyan man qilinmoqda.

Kosmik ob’yektning uchirilishi natijasida odamlar yoki hayvonlar nobud bo‘lsa, shuningdek, fuqarolar va atrof-muhitga zarar yetkazilsa, kosmik faoliyat sub’yektlariga yetkazilgan zarar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida belgilangan tartibda qoplanishi shartligi belgilanmoqda.

Qonun loyihasi xorijiy ekspertlar tomonidan yuqori baholandi hamda seminar ishtirokchilari tomonidan qonun loyihasidagi normalar atroflicha muhokama qilinib, ularni takomillashtirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar berildi.

Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan asosli takliflarni inobatga olgan holda, qonun loyihasini maromiga yetkazish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring