Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IT-ta’lim yoshlarga keng imkoniyat eshigini ochadi

IT-ta’lim yoshlarga keng imkoniyat eshigini ochadi

Foto: Fins

Prezidentimiz 2023-yilning 20-dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurib, sohadagi natijalar va rejalar bilan tanishgan edi. Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish maqsadida qator vazifalar belgilanib, topshiriqlar berildi. Joriy yil 13-may kuni mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan davlatimiz rahbariga raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, bu sohada yoshlarni va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi.

Taqdimotda davlatimiz rahbari IT xizmatlar va eksportning asosiy ulushi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelishini ta’kidlab, mutaxassislarning 80 foizi markazda yashashini, sohani chekka hududlarda ham rivojlantirish uchun IT shaharchalar tashkil etish rejalashtirilganini bildirdi.

2017-yilda yurtimizda IT kompaniyalar soni 147 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 2 mingga yaqinlashdi. Ularda 30 ming xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 mingdan ziyod yosh IT bilan mustaqil shug‘ullanyapti. Joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida sohadagi xizmatlar hajmi 20 foiz o‘sdi, 200 million dollarlik eksport qilindi, 5 mingta ish o‘rni yaratildi.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq, mamlakatimizni mintaqaviy IT-xabga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2030-yilgacha raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, IT-xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2030-yilga borib elektron hukumat xalqaro reytingida mamlakatni TOP 30 talikka olib chiqish, IT sohasida 300 mingdan ortiq yuqori malakali mutaxassis tayyorlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.

O‘zbekistonda IT kompaniyalar uchun qulay sharoit yaratilmoqda. Agar horij kompaniyasi O‘zbekistonga kelsa, u soliqlardan ozod qilinadi. Shuningdek, mazkur kompaniya ishchilari ham kam miqdorda soliq to‘laydi. Yana bir muhim jihati – mamlakatimizda talantli yoshlar ko‘p. Ular ham chet tillarini, ham IT sohasini o‘rgangan holda ulg‘ayishmoqda. Bu esa horij kompaniyalari uchun qulaylik yaratishi shubhasiz.

Yurtimiz yoshlarini IT sohasiga o‘qitishda AKT sohasida faoliyat yuritayotgan ta’lim tashkilotlari hamda xususiy o‘quv markazlarining o‘rni katta. Shu bilan birga, bu yerda o‘g‘il-qizlarga berilayotgan ta’lim qanchalik talabga javob beradi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.  

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi «2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-357-sonli qarori bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ta’limni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nodavlat notijorat tashkilot shaklidagi «IT-ta’lim uyushmasi» tashkil etilishi ayni muddao bo‘ldi.

Bugungi kunda uyushma faoliyati nimalardan iborat bo‘lmoqda, qanday loyihalar ustida ishlanmoqda. Shu kabi savollar bilan «IT-ta’lim uyushmasi»ning ijrochi direktori Nodirbek Barnayevga murojaat qildik.

Eng avvalo O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PQ-357-sonli qarori bilan «IT-ta’lim uyushmasi» oldiga qo‘yilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tsangiz.

– Shuni qayd etishni istardimki, davlatimiz rahbari tomonidan IT sohasiga katta e’tibor berilmoqda. Buni qabul qilinayotgan ko‘plab farmon va qarorlardan ham bilib olish mumkin. Bizning uyushmamiz oldiga ham qator vazifalar belgilangan. Jumladan: AKT sohasida faoliyat yuritayotgan ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash; AKT ta’limida global bozor talablarini inobatga oluvchi yagona ekotizimni shakllantirishda intellektual ko‘mak berish; axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yagona sertifikatlash tizimini joriy etish; sohadagi xususiy o‘quv markazlar reytingini shakllantirish va uni doimiy ravishda yuritish; O‘zbekistonda IT-ta’limni rivojlantirish uchun xorijdagi vatandoshlar tajribasidan foydalanish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish.

Mazkur vazifalardan kelib chiqqan holda uyushma tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot bersangiz.

– Albatta, yuqoridagi vazifalardan kelib chiqqan holda, «IT-ta’lim uyushmasi» tomonidan bir qator yo‘nalishlar belgilab olindi. Misol uchun, yagona reytinglash tizimini olsak.

Reytinglashdan maqsadimiz: respublikamizdagi xususiy o‘quv markazlari uchun yagona reyting tizimini  ishlab chiqish; sohadagi xususiy o‘quv markazlarida xalqaro standartlarni joriy qilish; tahliliy ma’lumotlar bazasini shakllantirish va o‘quv markazlariga ma’lumotlarni berib borish; xususiy o‘quv markazlari mijozlari uchun shaffof reyting tizimini kuzatib borish imkonini yaratish; o‘quv metodikalari va bitiruvchilarga qo‘yilayotgan talablar hamda ma’lumotlar almashinish yagona platformasini shakllantirish; doimiy ravishda yillik sarhisob tadbirini o‘tkazish va eng yaxshi o‘quv markazlarini mukofotlashdir.

Xususiy o‘quv markazlarini reytinglashda alohida bir metodikadan foydalanasizlarmi?

– Xususiy o‘quv markazlarini baholash reytinglash metodikasiga asoslanadi. Mazkur metodikamiz 3 ta yo‘nalishdan iborat bo‘lib, yo‘nalishlar o‘z navbatida 5 ta bo‘lim va 22 ta ko‘rsatkichga bo‘linadi. Reytinglash metodikasi 100 ballik tizim asosida baholanadi. Metodika o‘z ichiga quyidagilarni oladi: xususiy o‘quv markazi boshqaruvi va o‘quvchilar havfsizligi, ta’lim sifati nazorati hamda xususiy o‘quv markazining jihozlanishi kabi.

Reytinglash nechta bosqichdan iborat?

– Reytinglash metodikamiz 3 ta bosqichdan iborat. 1-bosqichda respublikamizdagi xususiy IT o‘quv markazlari ro‘yxatini shakllantiramiz. 2-bosqichda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan xususiy o‘quv markazlarining reytingini aniqlashtiramiz. 3-bosqichda esa respublikamizning boshqa hududlaridagi xususiy o‘quv markazlari reytingini tuzib chiqamiz.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy. Xususiy o‘quv markazlari ryeytingda ishtirok etish majburiymi?

– Yo‘q, xususiy o‘quv markazini baholash reytingida ishtirok etish majburiy emas.

Reytinglashda ishtirok etish o‘quv markaziga nima beradi?

– Reytinglashda ishtirok etish orqali o‘quv markazi barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ayni damdagi o‘z holatini bilib oladi. Reytinglash yakunida «IT-ta’lim uyushmasi» tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etiladi.

Eng yaxshi xususiy o‘quv markazlar rag‘batlantiriladimi?

– Reytinglash yakunida eng yuqori natija ko‘rsatgan xususiy o‘quv markazlari mukofotlanadi va barcha ishtirok etgan xususiy o‘quv markazlari reytingi «IT-ta’lim uyushmasi» veb-saytiga joylanadi.

«IT-ta’lim uyushmasi» tomonidan qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?

– 2003 yil davomida «Digital leadership» forumi, 35-xalqaro Informatika olimpiadasi, «IESF Jahon Esport 2023» chempionati, «ICT WEEK Uzbekistan 2023» xalqaro anjumani, «Google DevFest 2023 Tashkent" tadbiri, «IT Ladies Uzbekistan» loyihasi va boshqalarni misol tarzida keltirsak bo‘ladi.

Bundan tashqari, «ICT WEEK Uzbekistan 2023» xalqaro anjumani doirasida 6 ta xalqaro sammitlar, 5 ta xalqaro forumlar, O‘zbek-Koreya biznes forumi, «ICT Expo» ko‘rgazmalari tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda 50 ta davlatdan 100 dan ortiq ekspertlar, 20 dan ortiq horijiy OAV vakillari, 5000 kv.m. maydonda tashkil etilgan «ICT Expo» ko‘rgazmasiga 10 000 dan ortiq mutaxassislar tashrif buyurdi.

Bugungi kunda qanday loyihalar ustida ishlayapsizlar?

– «UNICEF» tashkiloti bilan hamkorlikda «GIGA-Accelerator Model» loyihasini amalga oshirish ustida ishlayapmiz. Mazkur loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad - uzoq hududlardagi mahalliy aholiga yuqori tezlikda ulanishni ta’minlash uchun maktablardan HUB sifatida foydalanish va shu bilan internetga kirish imkoniyatini kengaytirishdir.

Bundan tashqari, «IT Ladies Uzbekistan» loyihasi orqali yurtimizdagi ayollarning IT sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirishdir. Mazkur loyiha orqali O‘zbekiston IT-sanoatidagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ularga yordam berish, aholining IT bilim darajasini oshirish, IT biznesida investitsiya muhitini yaxshilash hamda ayollar o‘rtasida IT ni targ‘ib qilinadi.

2024 yilda yana qanday loyihalarni amalga oshirmoqchisizlar?

– Joriy yilda «Coursera» IT onlayn kurslarini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. «Coursera» – bu dunyodagi eng yaxshi universitetlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladigan va hamma uchun onlayn kurslarni taklif qiladigan ta’lim platformasidir. «Coursera» platformasining belgilangan vazifasi an’anaviy o‘qitish usulini o‘zgartirib, butun dunyo bo‘ylab millionlab talabalarni o‘qitishdir. Mazkur platformada 275 ta xalqaro universitetlar va kompaniyalarning dasturlari asosida 10000 dan ortiq prrofessional kasbiy kurslar o‘rin olgan. «IT-ta’lim uyushmasi» ushbu kurslardan foydalanuvchilarga  bir qator imtiyozlarni taqdim etadi.

Oldimizga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishimiz uchun davlatimiz rahbari tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgan. Biz faqatgina tinimsiz mehnat qilish orqali maqsadimizga erishishimiz hamda Prezidentimizning ishonchlarini oqlashimiz mumkin.

                                                                          Behzod Hojimatov suhbatlashdi

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring