Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yarimo‘tkazgichlar bozori: Intel taxtni qaytarib oldi, NVIDIA ilk marta kuchli beshlikda

Yarimo‘tkazgichlar bozori: Intel taxtni qaytarib oldi, NVIDIA ilk marta kuchli beshlikda

Foto: Thegioididong.com

Yarimo‘tkazgichlar bozori qatnashchilari shu oyda nafaqat oldingi chorak, balki 2023-yil yakunlarini sarhisob qilishadi. Gartner kompaniyasi hozirdanoq joriy ma’lumotlarni taqdim etdi. Unga ko‘ra, Intel asosiy raqibi Samsung Electronicsga nisbatan ko‘proq daromad olib, ikki yillik tanaffusdan so‘ng yetakchi maqomini qaytarib oldi. Sun’iy intellekt tizimlariga talab oshishi ortidan ishlari yurishib ketgan NVIDIA — birinchi marta kuchli beshlikda!

Umuman olganda, Gartner hisob-kitoblariga ko‘ra, yarimo‘tkazgichlar bozori hajmi pulli ifodada o‘tgan yili 11,1 foiz — $533 mlrdgacha qisqardi, negaki xotira qurilmalari bozori kuzatuvlar tarixidagi eng murakkab, nobarqarorlik hukm surgan davrni boshdan o‘tkazdi. Yarimo‘tkazgichlar bozorining 25 ta eng yirik ishlab chiqaruvchisi orasida faqat 9 tasi 2023-yilni daromad o‘sishi bilan yakunlay oldi, 10 tasida esa daromad pasayishi ikki xonali foizlarda aks etdi. Jami hisoblaganda, global bozor daromadining 74,4 foizi yuqoridagi 25 ishlab chiqaruvchiga to‘g‘ri keldi.

Samsung Electronics eng yirik xotira qurilmalari ishlab chiqaruvchisi bo‘lgani bois, 2023-yilda narxlar tushib ketishidan hammadan ko‘p zarar ko‘rdi. Janubiy koreyaliklar daromadi 37,5 foizga kamayib, $39,9 mlrdni tashkil qildi, oqibatda azaliy raqib — Intel yana o‘rniga qaytdi. Amerika kompaniyasini ham daromad qisqarishi (-16,7 foiz) chetlab o‘tmadi, ammo yakuniy — $48,7 mlrd daromad peshqadamlikni kafolatladi.

Asosan smartfonlar uchun protsessorlarga ixtisoslashgan Qualcomm global bozorda uchinchi o‘rinni band etdi ($29 mlrd daromad), ammo bu kompaniyada ham 2022-yilga nisbatan daromad qisqarishi kuzatildi: -16,6 foiz.

To‘rtinchi o‘rinda — 2023-yilda daromadi 7,2 foiz o‘sib $25,6 mlrdni tashkil etgan Broadcom kompaniyasi. NVIDIA juda katta sakrash qildi — yillik 56,4 foiz o‘sish va $24 mlrdlik yakuniy natija kompaniyani 12-o‘rindan 5-o‘ringa olib chiqdi! Albatta, sun’iy intellekt bilan shug‘ullanuvchilar aynan shu kompaniya chiqarayotgan grafik tezlatgichlar ehtiyoj sezgani uning muvaffaqiyatini ta’minladi.

Janubiy Koreyaning SK hynix kompaniyasi 4-o‘rindan 6-o‘ringa pastlagan bo‘lsa (-32,1 foiz, $22,8 mlrd), AMD o‘zining yettinchi o‘rniga “sodiq qoldi” (-5,6 foiz, $22,3 mlrd).

Avtomobillar segmentidagi yuqori talab ortidan STMicroelectronics daromadini $17,06 mlrdga yetkazib, 11-o‘rindan 8-o‘ringa ko‘tarildi. Apple faqat ayfon chiqarmaydi — yarimo‘tkazgichlar top-10taligida 9-o‘rinda turibdi (-5,8 foiz, $17 mlrd). O‘tgan yili daromadi 12,2 foizga qisqarib, 16,5 mlrd dollarga tushib ketgan Texas Instruments zo‘rg‘a kuchli o‘nlikka ilinib qoldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring