Kvant kompyuter vazifani superkompyuterdan 220 mln baravar tez uddaladi, biroq...
Google kvant texnologiyalari sohasidagi muvaffaqiyatlari haqida hisobot berdi. Kompaniyaning 70 kubit kuchga ega kompyuteri dunyodagi eng kuchli Frontier superkompyuteri 47 yilda amallaydigan vazifani bir necha soniya ichida uddaladi.
Biroq tanqidchilarga ko‘ra, garchi akademik nuqtai nazardan bu ulkan yutuq sanalsa ham, Google qo‘llagan algoritmni real hayotda amaliyotga tatbiq etib bo‘lmaydi.
Xo‘sh, Google qo‘llagan algoritm nima o‘zi?
Bunda kvant sxemalarda tasodifiy holat generatsiya qilinadi, tizim esa kogerentlik (kvant holatning buzilishi) buzilishiga qadar ularni hisoblaydi. Google ma’lum qilishicha, 70 kubitda masala 6,5 soniyada yechiladi, bu ishni uddalash uchun zamonamizning qudratli superkompyuteri — ekzaflops tezliklarga ega Frontier 47 yil sarflagan bo‘lardi.
Universal Quantum kompaniyasi rahbari Sebastyan Vaydt Google yutug‘i amaliyotda bir naf bermasligini ta’kidlamoqda, biroq kelajak universal kvant kompyuterlari oldida muammo bo‘lib turgan jihat — kvant hisoblashlarning shovqinlarga bardoshliligini o‘rganishga bag‘ishlangani bilan ham yuqoridagi natija ahamiyatli.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, tijoriy foydalanishga yaroqli bo‘lishi uchun kvant kompyuterlarning kuchi 4 000 dan 10 000 kubitgacha yetishi shart. Biroq hozirgacha ishlab chiqarilgan eng kuchli kvant kompyuterda 500 kubit ham yo‘q.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter