Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Immunitetni baholashga yordam beruvchi loyiha

Immunitetni baholashga yordam beruvchi loyiha

Foto: IT Park

Obunachilarimizga manzur bo‘lgan «Startup Story» rukni «Tumaris.Tech» dasturida ishtirok etgan Markaziy Osiyo davlatlarining muvaffaqiyatli loyihalari bilan tanishtirishda davom etmoqda. Bugun IT-Park mehmoni — «Tissup» loyihasi asoschilaridan biri qozog‘istonlik Nurlibek Uderbayev.

Startap g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?

Nurlibek onkolog, tibbiyot fanlari doktori, Ostona shahridagi «Innovatsion tibbiyot ilmiy-klinik markazi» MChJ bosh direktori.

Tissup loyihasi – bu umumiy qon testining raqamli ko‘rsatkichlarini matematik qayta ishlash texnologiyasi. Startap shifokor yordamisiz inson immuniteti holatini aniq va tez ravishda aniqlash maqsadida yaratilgan.

«Men hamkasbim professor Ponomaryov Igor Olegovich bilan 2011-yilda Ostona shahrida ushbu yo‘nalishda ish boshlagan edik va 2018-yildan boshlab amaliyotimizda kengroq qo‘llay boshladik. 1500 dan ortiq turli ilmiy nashrlar o‘rganilgan. Maqsad – amaliy tibbiyotda qo‘llaniladigan immunitetni aniqlashning oddiy, tez va tushunarli usulini topish edi. Muammo shundaki, dunyoda bu kabi usul hali ham mavjud emas. Alohida ko‘rsatkichlarni aniqlashning mavjud usullari qimmat, bajarilishi uzoq va hatto shifokorlar uchun ham foydalanish qiyin. Bundan tashqari, maxsus tadqiqotlar bilan ham, bu ko‘rsatkichlar 80% ulardan foydalanish maqsadiga mos kelmaydi».

Keyin ikki mutaxassis shifokor uchun ham, har qanday inson uchun ham tushunarli bo‘lgan immunitetni aniqlash texnologiyasini ishlab chiqishga qaror qilishdi. 10 yillik mashaqqatli mehnatdan so‘ng maqsadga erishildi.

«Biz kamchiliklar bartaraf etish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordik va mualliflik huquqini qo‘lga kiritdik. Metodologiya 2018-yildan 2022-yilgacha takomillashtirildi. So‘ngra hamkasbim bilan 20.000 ga yaqin qon testini tahlil qildik va matematik ishlov berish orqali g‘oyani hayotiy mahsulotga keltirdik».

2021-yil oxirida metodologiya onlayn (masofadan) foydalanish uchun raqamlashtirildi. Nurlibekning so‘zlariga ko‘ra, bu texnikaning dunyoda o‘xshashi yo‘q. Ushbu texnikadan foydalanish tufayli startap asoschilari vaqtni behuda sarf qilmasdan dori yozish jarayonini, organizmning ularga bo‘lgan munosabatini nazorat qilishlari va retseptlarni to‘g‘rilashlari mumkin.

Startapingiz jamiyatga/odamlarga qanday foyda keltiradi?

Suhbatimiz qahramoni aytganidek, hozirda odamlarning immuniteti qanday ekanligini hech kim bilmaydi, chunki mavjud immunogrammalar qimmat, ularni aniqlash bir necha kun davom etadi va xulosalar noaniq.

«Biz umumiy qon tekshiruvi orqali insonning immunitet holatini aniqlash texnologiyasini taklif qilamiz. Ushbu tahlil dunyoning istalgan nuqtasida amalga oshiriladi va skrining testining barcha parametrlariga (protsedura standarti, mavjudligi, iqtisodiy maqsadga muvofiqligi, yaxshi o‘rganilgan, keng tarqalganligi) javob beradigan eng standartlashtirilgan usuldir. Ushbu texnologiya yordamida inson o‘z immun tizimining ishini nazorat qilishi, sog‘lig‘ini yaxshilash uchun o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilishi mumkin. Bu katta yutuq va, ayniqsa, pandemiya va mavsumiy epidemiyalar sharoitida muhim ahamiyatga ega».

Butun texnologik jarayon onlayn rejimda uch bosqichda amalga oshiriladi:

  • umumiy qon testining raqamli ko‘rsatkichlarini joriy etish;
  • ma’lumotlarni qayta ishlash (1 soniya);
  • natijani chiqarish (1 soniya).

«Ushbu tizim tufayli aholi orasida immuniteti zaif va kasallik xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarni aniqlash mumkin. Shunday qilib, dastur aholining epidemiologik holatini kamaytirishga qaratilgan profilaktika choralarini rejalashtirish imkonini beradi. Bizning texnologiyamiz mahalla, tuman, shahar darajasida ham, mamlakat miqyosida ham «Millat salomatligi» loyihasi sifatida qo‘llanilishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi Nurlibek».

Texnologiya skriningni masofadan turib amalga oshirish imkoniyati, xavf guruhlarini aniqlash va qisqa vaqt ichida aholini keng qamrab olish imkoniyati kabi bir qator afzalliklarga ega.

Loyiha jamoasi hozirda 7 kishidan iborat:

  • Bekzat Karimqizi – loyiha menejeri, loyihani umumiy muvofiqlashtirish, rag‘batlantirish, ishlab chiqish va tijoratlashtirish, investorlarni izlash, hamkorlar, davlat organlari va mijozlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, barcha darajadagi loyiha taqdimoti;
  • Igor Olegovich Ponamaryov – bosh direktor, g‘oya muallifi, texnologiyani qo‘llash va amaliyotda keyingi o‘rganish;
  • Gulmira Zhenistikovna Uderbayeva – PhD, ishda texnologiyani qo‘llash, tahlil, ambulator va statsionar monitoringning barcha bosqichlarida boshqaruv;
  • Oltingul Qurmangazi – loyiha menejeri, mijozlar, hamkorlar, pudratchilar bilan o‘zaro aloqalar, loyiha taqdimoti, loyihani ishlab chiqish va targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha mutaxassis;
  • Kuralay Slambekqizi – shifokor-tahlilchi, tahliliy ma’lumotlar to‘plami va texnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha hujjat aylanishi bo‘yicha mutaxassis;
  • Nazerke Omirbekova – statistik, ish va texnologiyani qo‘llash bo‘yicha statistik ma’lumotlarni yig‘ish;
  • Nurlibek Nurlanovich Uderbayev – bosh direktor, tibbiyot fanlari doktori, g‘oya hammuallifi, texnologiyani qo‘llash va amaliyotda keyingi o‘rganish.

Loyihangiz qay tarzda rivojlanmoqda?

Ruknimiz mehmoni e’tirof etganidek, bugungi kungacha loyiha moliya jalb qilmagan. Barcha tadqiqot va asosiy ishlar jamoa tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.

«Bir necha oy oldin biz yangi sayt yaratish uchun malakali rivojlanish va targ‘ibot bo‘yicha mutaxassislarni, shuningdek, ishlab chiqish guruhini taklif qildik. Endi biz platformani ishlab chiqib, mahsulotni rebrending qilmoqdamiz. Tilni soddalashtirish ustida ham ishlayapmiz. Hisobot nafaqat batafsil, balki keng jamoatchilik uchun tushunarli bo‘lishini istaymiz».

Dastlabki bosqichda startap tushunmovchilik, texnologiya va uning natijalariga ishonchsizlik, shuningdek, moliyaviy yordamning yetishmasligi kabi muammolarga duch keldi.

«Yangi va noma’lum narsa har doim qo‘rqinchli. Ammo Qozog‘istonda startap sanoati izchil rivojlanayotgani sababli, vaqt o‘tishi bilan odamlar loyihaga qiziqish bildira boshladi. Umuman olganda, menimcha, agar g‘oya haqiqatan ham mavjudlaridan ustun bo‘lsa yoki qandaydir o‘ziga xoslikka ega bo‘lsa, ertami-kechmi muvaffaqiyat kafolatlanadi».

Nurlibekning tan olishicha, jamoaning Tumaris.Tech dasturidagi ishtiroki ko‘p jihatdan loyihaning rivojlanishiga yordam bergan. Suhbat qahramonining qayd yetishicha, Tumaris.Tech tufayli startaplar ko‘plab jarayonlarga boshqa tomondan qaray boshlagan.

Dasturdan olingan taassurotlar faqat ijobiy, deya qo‘shimcha qildi u. Unga eng ko‘p yoqqan narsa dasturdagi tartib-intizom va talablar.

«Taraqqiyot har doim tartib-intizomdan boshlanadi. Tumaris.Tech dasturi ma’lumotni taqdim etish uchun juda qiziqarli va xilma-xil format, turli va oqilona ma’ruzachilar, jamoaning o‘zi va dasturdagi muhit sizda o‘sish va rivojlanish istagini kuchaytiradi. Har qanday trening yangi bilimlarga, mahsulotingizni idrok etishning yangi formatiga, uni boshqarishga olib keladi va shunga mos ravishda yangi g‘oyalarga olib keladi».

Sohaga endi kirib kelayotganlar uchun Nurlibek o‘z g‘oyasiga oxirigacha ishonishni tilaydi.

«Bir yerda to‘xtamang, taslim bo‘lmang. Doimo o‘qib-o‘rganing, o‘z ustingizda ishlang, turli odamlar doirasida bo‘lishga harakat qiling. Negaki loyihangiz qayerda eng ko‘p qiziqish uyg‘otishini yoki imkoniyat eshiklarini ochishini hech qachon bila olmaysiz. G‘oyaga, ijodkorlik va o‘ziga xoslikka ishonch har qanday loyihaga muvaffaqiyat keltirishini unutmang!»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring