Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

Yiliga bir dollar maosh olgan Stiv Jobs o‘zi yoqtirgan ish bilan shug‘ullanmaganmi?(video)

Bugungi kunda barchaning sevimli qurilmalarini o‘zida jo qilgan Apple kompaniyasi asoschisi Stiv Jobs 1955-yilda San-Fransiskoda tavallud topgan. Otasi suriyalik Abdulfattoh Jandalli, onasi nemis millatiga mansub Joan Shible o‘rtasidagi nikoh norasmiy bo‘lgani va ota-onalar bu turmushga qarshilik qilganlari sabab bolani boshqa oila qo‘liga topshirishgan. Shu tariqa u Pol va Klara Jobslar xonadonida ulg‘aydi.

Stiv maktabda sho‘x bola bo‘lgani bilan zehni anchayin o‘tkir edi. Buni to‘rtinchi sinfdan oltinchi sinfga sakraganidan ham bilish qiyin emas. O‘quvchilik davridanoq elektronikaga juda qiziqqan Jobs maktabni bitirgach, Rid kollejiga o‘qishga kirdi. Lekin to‘lov miqdori ko‘p bo‘lgani uchun ko‘p o‘tmay o‘qishni tashlashga majbur bo‘ldi.

Stiv 20 yoshida do‘sti Stiv (Voznyak)ni kompyuter yasash va sotishga ko‘ndiradi. Vaqt o‘tib do‘stlar birgalikda Apple kompaniyasiga asos soladilar. Ilk sarmoya uchun Stiv o‘zining mikroavtobusini, Voznyak esa dasturlovchi kalkulyatorini sotishga majbur bo‘lgan.

Kompaniyaning ilk kompyuterlari 666,66 dollarga narxlangan. Ko‘p o‘tmay elektronika do‘konidan 50 dona kompyuterga buyurtma tushgan. Shunda Stiv uyining garajida ustaxona ochib, barcha o‘rtoqlarini yordamga chaqiradi. Yigitlar bir yoqadan bosh chiqarib, kompyuter yasashga tushishgan. Stiv esa ularni nazorat qilib, yo‘l ko‘rsatib turardi.

O‘sha zamonlardagi kompyuterlardan o‘zishni maqsad qilgan Stiv Jobs reklama va mahsulotni qadoqlashga katta e’tibor qaratdi. Mehnatlari besamar ketmay, kompyuterlar yiliga 5 millionlab sotildi va kompaniya rahbari 25 yoshidayoq millioner bo‘lishga ulgurdi.

2000-yilda qahramonimiz “eng kam maosh to‘lanadigan” direktor sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. U yiliga atigi 1 dollar maosh olardi.

2001-yili Stiv Applening ilk pleyeri — iPodni taqdim etdi. Keyinroq bu mahsulot kompaniyaning asosiy daromad manbaiga aylandi. Balki ko‘pchilikning e’tiborini qozonganishiga sabab uning “Minglab qo‘shiqlar — sening cho‘ntagingda” nomli jarangdor shioridir. iPodning xotirasi yildan-yilga kengayib, imkon qadar ko‘p musiqalarni sig‘dira olardi.

2007-yilda kompaniya o‘zining iPhonelari bilan mashhurlikning yangi pog‘onasiga ko‘tarildi.

2003-yil avgustida Stiv Jobs haddan ortiq asabiylashish oqibatida oshqozon osti bezi saratoniga chalindi. Yillar davomida u yengilmay, xastalik bilan kurashdi. Ammo alal-oqibat dard g‘alaba qozondi: 2011-yil avgustida ishini tark etgan Jobs oktyabr oyida vafot etdi.

O‘limidan olti yil avval Stiv Jobs shunday degandi: “Sizning vaqtingiz cheklangan, shunday ekan, uni boshqalar hayoti uchun behuda sarflamang”.

O‘lim bilan yuzma-yuz kelgan insonni qanday savollar qiynaydi? Stiv Jobs o‘ziga o‘zi bergan savol-javoblar haqida shunday yozadi:

1. Men o‘zim xohlagandek yashayapmanmi, o‘zim yoqtirgan ish bilan shug‘ullanyapmanmi?

2. Agar bugun hayotimning so‘nggi kuni bo‘lsa, men bugun qilmoqchi bo‘lgan ishimni qilishni xohlarmidim?

3. O‘zim sevgan ish bilan shug‘ullanyapmanmi?

Birovlarning hayoti bilan yashayapsizmi, demak, o‘z hayotingizni behuda sarflayapsiz.

Siz-chi? Siz hech o‘lim haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Agar bugun 24 soat umringiz qolganini bilganingizda nimalar qilgan bo‘lardingiz?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring