Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida sun’iy intellekt, iqtisodiy hamkorlik va raqamli iqtisodiyot sohasidagi kelgusidagi imkoniyatlarni muhokama qilish maqsadida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va AQSh Savdo vazirining Yevropa va Yevroosiyo mintaqalari bo‘yicha o‘rinbosari Devid De Falko o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda AQShning O‘zbekistondagi Elchisi Jonatan Henik ham ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida vazir Sh. Shermatov O‘zbekiston yoshlarining ingliz tilini bilish ko‘nikmalari oshib borayotgani va bu AQSh kompaniyalari uchun kadrlar tayyorlashda muhim omil ekanligini qayd etdi. Shuningdek, vazir sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish va texnologik startaplar uchun yangi loyihalarni tashkil qilish tashabbuslarini ilgari surdi.

Shuningdek, vazir nutqi davomida O‘zbekiston sun’iy intellekt uchun ko‘p energiya talab etilishini hisobga olgan holda, yashil energiya manbalarini rivojlantirishga katta ahamiyat berayotganini, shu maqsadda Saudiya Arabistonining DataVolt kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilayotgan ma’lumotlar markazlari sun’iy intellekt bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun katta imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. AQSh kompaniyalari esa bu markazlardan foydalanib, o‘z faoliyatini kengaytirishlari mumkinligini qayd etdi.

Devid De Falko esa AQSh kompaniyalarining raqamli iqtisodiyotdagi imkoniyatlarini oshirish uchun O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda ishlashga tayyor ekanligini bildirdi. U kompaniyalar uchun innovatsiyalar va xavfsizlikni muvozanatli ravishda tartibga solish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekistonni AQSh kompaniyalariga tanitish, raqamli xizmatlar va raqamli infratuzilmalarni ishlab chiqishda ular bilan birgalikda ishlash takliflarini bildirdi.

Uchrashuvda tomonlar AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, jumladan, O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish va raqamli iqtisodiyotda yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida virtual davra suhbatlari va onlayn tadbirlar o‘tkazish taklifini ilgari surishdi. Bu sessiyalar orqali O‘zbekiston o‘z raqamli texnologiya va infratuzilma imkoniyatlarini AQSh kompaniyalariga taqdim etishi, ularni mamlakatga investitsiya kiritishga jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi aytib o‘tildi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, O‘zbekistonning yirik iqtisodiy imkoniyatlarini targ‘ib qilish, IT sohasidagi AQSh kompaniyalari bilan hamkorlik qilish, savdo va texnologik rivojlanish bo‘yicha qator tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring