Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

Milliarder Ilon Maskning bolaligiga havas qilib bo‘lmaydi (VIDEO)

Ict.xabar.uzda yangi loyiha IT-Star! Endi sahifamiz orqali sizlarga ayti olamida porlagan va porlayotgan yulduzlar haqida ko‘pchilik bilmagan ma’lumotlarni berib boramiz! Bugungi qahramonimiz milliarderligi eskirib trillionerlik arafasida turgan Ilon Mask!

Bugungi kunda dunyoning eng boy odami deb e’tirof etilayotgan Ilon Mask hatto sartaroshga ham pul topilmaganidan onasining o‘zi uning sochini kaltalatib qo‘yardi. Kino va teatrlarga borishni esa hattoki orzu ham qilmagan.

«SpaceX», «Tesla», «PayPal» asoschisi Ilon Mask 1971 yili 28 iyunda Janubiy Afrika Respublikasida dunyoga kelgan. Otasi Errol Maskning kasbi muhandis, onasi Mey Mask parhezshunos edi. Ilon oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lib, undan keyin ukasi va singlisi tug‘ilgan.

Aytishlaricha, Ilonning otasi ancha qattiqqo‘l odam bo‘lgan. Bunga chidolmagan ayoli qahramonimiz 10 yoshdaligida ajrim qaroriga kelgan.

Ilonning onasi o‘zi bilan qizini ham olib ketadi, 2 o‘g‘il esa otada qoladi. Errolning farzandlarga nisbatan ham qahri qattiq edi, shu bois Ilon bolaligini zavq-shavq bilan o‘tkazgani yo‘q. Lekin bo‘lajak milliarder otasidan g‘isht quyish, santexnika o‘rnatish, deraza romlarini tuzatishni o‘rganib olganini sevinib eslaydi.

Onasining aytishicha, boshqa farzandlari qatorida Ilon ham birovlardan qolgan kiyimlarni kiyib katta bo‘lgan.

Bir tasavvur qilib ko‘ringga, bugun dunyoning eng boy odami deb e’tirof etilayotgan Ilon Mask hatto sartaroshga ham pul topilmaganidan onasining o‘zi uning sochini kaltalatib qo‘yardi. Kino va teatrlarga borishni esa hattoki orzu ham qilishmagan.

Maktabda zehni o‘tkir, o‘qigan narsasini darrov eslab qoladigan Ilon Mask astronomiya, fizika, matematika fanlarini katta qiziqish bilan o‘zlashtirardi.

Hozirgi paytda qo‘li tekkan hamma narsa oltinga aylanadigan Ilon Maskni yoshligida «bo‘shashgan bolakay» deb atashgan.

O‘ziga nisbatan ishonchi past, tortinchoq bola bo‘lganidan jamoaga moslashishga qiynalgan. O‘rtoqlari uni mensimas doimo turtkilashardi. Hattoki bir necha marotaba og‘ir tan jarohati ham olib, burun operatsiyasini boshdan o‘tkazgan.

Ilon oilada va maktabdagi achchiq hayotdan o‘zini kompyuter o‘yinlari bilan chalg‘itishga harakat qilardi. Shu asnoda dasturlashni ham o‘rganib olib, 12 yoshida video o‘yinlar yarata boshladi.

Mualliflik dasturlarini pullashga ham ulgurdi. «Kompyuter sotib olish uchun ko‘p pul topishni xohlardim, o‘sha payt hayolim faqat o‘yinlarda edi», deya bolaligini xotirlaydi Mask.

Yuqori sinfga o‘tganida u o‘zi uchun qimmatbaho qog‘ozlar bozorini yaratdi. Aksiyalarni farmatsevtik kompaniyaga tikdi va kurslarni gazetalar orqali kuzatib bordi. Shu orqali yigit maktabni bitirganida bir necha ming dollar ishlab oldi. Topgan puliga Kanadada o‘qishni mo‘ljalladi. Niyatiga yetib, u shu yerdagi universitetga o‘qishga kirdi. Tirikchilik uchun ferma va o‘rmonlarda mehnat qildi.

1992-yilda Mask AQShga jo‘nadi. Pensilvaniya universitetida iqtisod va fizika bo‘yicha ta’lim olishni boshladi. Pul topish uchun 10 xonali binoni ijaraga olib, tungi klub tashkil qildi. Tushgan mablag‘ni o‘qish xarajatlariga sarfladi. 1995-yili Stendford universitetiga kirib, fizika bo‘yicha fan doktori darajasini olish harakatiga tushdi.

24 yoshdaligida internet ancha rivojlanib, startaplar ko‘payayotgan payt edi. Shunda u ukasi bilan birga bu sohaga kirishishni ahd qildi. Hamkorlikda internet-biznesni qo‘llab-quvvatlaydigan «Zip2» kompaniyasiga asos solishdi. U yangi biznesga shu qadar berilib ketdiki, ilm haqida unutayozdi.

Keyinchalik Ilonga katta muvaffaqiyat keltirgan loyihalardan biri «PayPal» hisoblanadi. Shundan keyingina uning cho‘ntagi qappayishni boshladi. Omaddan ruhlanish va yetarli sarmoyaga ega bo‘lish «Tesla» va «SpaceX» kabi katta bizneslar poydevoriga ilk g‘ishtlarni qo‘ydi.

Qattiq ishlang, boshqalar soatiga 40 soat, siz esa 100 soat ishlasangiz ko‘zlagan maqsadingizga ulardan ikki yarim marta tezroq erishasiz. Agar dangasa bo‘lsangiz biznes boshlashga urinib ham ko‘rmang deydi bugungi ayti yulduzimiz!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring