Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maxfuza Ro‘yiddinova

«Kema uchun eng xavfsiz hudud – qirg‘oq. Ammo u buning uchun yaratilmagan».

IT-tur: Samarqandning IT salohiyati qay darajada?(VIDEO)

Samarqand nafaqat turizm rivojlangan va qadimiy obidalarni o‘zida mujassamlashtirgan shahar, balki bugungi kunga kelib, IT salohiyati bilan maqtana oladigan hududga aylanib bormoqda. «Xabar.uz» jamoasi IT-tur loyihasi doirasida buning guvohiga aylandi va IT-maktab, TATU Samarqand filiali akademik litseyi, TATU Samarqand filialida tashkil etilgan inkubatsiya markazlarida bo‘ldi. Shuningdek, axborot- kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ta’lim jarayonlari va u yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

E’tiborli jihati shundaki, aynan AKT tarkibiga kiruvchi ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. IT-maktablarda tashkil etilgan o‘quv jarayonlarida universitet professor-o‘qituvchilarining qatnashishi hamda o‘z bilim va ko‘nikmalari bilan bo‘lishishi bunga yaqqol misol.

«Biz ITga ixtisoslashgan maktab va boshqa muassasalar bilan doimiy hamkorlikda ishlaymiz, maqsadimiz sifatli kadrlarni tayyorlash, buning uchun maktabdan IT sohasiga e’tiborni kuchaytirishimiz kerak. Shuning uchun universitet o‘qituvchilari maktablarda mashg‘ulotlar o‘tishadi. IT yo‘nalishi bo‘yicha bazaviy bilimga ega o‘quvchilar bilan ishlash ham oson, ham anchayin samarali», — deydi TATU Samarqand filiali direktori Zayniddin Qarshiyev.

Keling, endi statistikaga biroz e’tibor qaratsak:

2021-yil yakuni bilan viloyat bo‘yicha ko‘rsatilgan AKT xizmatlari hajmi 833,3 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan o‘sish sur’ati 114,9 foiz.

2021-yil mobaynida viloyatda telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 113 ming sig‘imli zamonaviy qurilmalar o‘rnatilib, umumiy sig‘imi 464,1 mingga yetkazildi. Buning natijasida, foydalanuvchi abonentlar soni 161 mingtaga yetkazildi (2020-yilga nisbatan 45 mingga oshdi). 

Telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bilan birga viloyatdagi 2338 ta ijtimoiy soha ob’yektlarining barchasida, jumladan, 1267 ta xalq ta’limi, 697 ta maktabgacha ta’lim, 374 ta tibbiyot muassasalarida yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, viloyatdagi 1105 ta MFYlarning barchasi (100 foiz) hamda 828 ta profilaktika inspektorlari ob’yektlaridan 474 tasi yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlandi.

Viloyatda mobil aloqa qamrovini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida 2021-yil davomida 125 ta yangi baza stansiyasi o‘rnatildi va 325 ta mavjud baza stansiyasi tezkor internet texnologiyasi asosida modernizatsiya qilinib, viloyat aholi maskanlari mobil aloqa bilan 99,3 foiz va tezkor mobil internet bilan 87 foizga qamrab olindi.

Ma’lumot uchun: bugungi kunda viloyatdagi mobil aloqa baza stansiyalarining umumiy soni 4533 tani va mobil abonentlar soni 2 445,9 ming nafarni tashkil etmoqda. 

Viloyat bo‘yicha aholi yashash maskanlari 100 foiz raqamli televideniye signallari bilan qamrab olingan.

5 ta muhim tashabbus, jumladan, 3-tashabbus doirasida viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etilgan. 

Mazkur o‘quv markazlarida joriy yilning o‘tgan davrida 6338 nafar aholi va yoshlar o‘qishga jalb qilindi, jumladan, «Temir daftar»ga kiritilgan 229 nafar fuqaro, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 485 nafar yoshlar va «Ayollar daftari»ga kiritilgan 205 nafar xotin-qizlar bepul o‘qitilishi ta’minlanib, ularning kompyuter savodxonligi oshirildi. Mingdan ziyod davlat tashkilotlari xodimlarining malakalari oshirildi.

Shu bilan birga, viloyatdagi mavjud umumta’lim maktablarida raqamli texnologiyalar yo‘nalishida tashkil etilgan 1331 ta to‘garaklarga 40 ming nafardan ortiq o‘quvchi jalb qilindi.

Shuningdek, joriy yil oliy ta’lim muassasalarida yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali va Toshkent iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida Inkubatsiya va akseleratsiya markazlari tashkil etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring