Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

E’zoza Turg‘unova

«Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!»

«Isaak Nyuton» medali sohibasi: Frilanserlik dangasa odam uchun noqulay bo‘lishi mumkin!(VIDEO)

IT-Woman ko‘rsatuvining bugungi qahramoni O‘zbekistondagi eng yosh texnika fanlari doktori, professor va «Shuhrat» medali sohibasi Saida BEKNAZAROVA.

Saida BEKNAZAROVA:

1986-yili Namangan shahrida tug‘ilgan;

2009-yili Namangan muhandislik pedagogika institutining «Informatika va axborot texnologiyalari» mutaxassisligini tamomlagan;

2007-yil Respublika yoshlar tanlovining «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari» nominatsiyasi bo‘yicha respublika bosqichi g‘olibi;

2008-yil «Texnika va informatika» yo‘nalishi bo‘yicha 2008-2009 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sovrindori;

2014-yil «Innovatsion g‘oyalar» respublika ko‘rik-tanlovining Axborot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishida faxrli 1-o‘rin g‘olibi;

2014-yil «Yilning eng faol yosh mutaxassisi» tanlovining «Eng faol yosh dasturchi» nominatsiyasida faxrli 1-o‘rin sohibasi;

2016-yil Rossiya Federatsiyasining «Fan hamkorligi» xalqaro tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan «E’tirof» – Fan va ta’limdagi yuksak yutuqlari I Xalqaro tanlovining 2-o‘rin sohibasi;

2017-yil «Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi» tanlovining «Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari» sohasi bo‘yicha «Innovatsiya va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi pedagog» nominatsiyasi respublika bosqichi g‘olibi;

2017-yil O‘zbekiston «Olima» xotin-qizlar uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan «Ilm yulduzlari» VI respublika intellektual ko‘rik-tanlovining «Eng mohir ixtirochi» nominatsiyasi g‘olibi;

2017-yil Yevropa ilmiy-ishlab chiqarish konsorsiumining unvonlar va taqdirlash departamenti xulosasiga binoan «Isaak Nyuton» («Isaac Newton») medali sohibasi;

2018-yil VIII xalqaro OTM professional muallimlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovi «Pedagogical Discovery: Universary-2018» Tadqiqot loyihalarning «Texnika fanlari» yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin sohibasi;

2018-yil O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining «Yil ayoli» mukofoti grand pri sovrindori;

2020-yil «Shuhrat» medali sovrindori;

2021-yil Korea International Women’s Invention Exposition-2020, AKT yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sovrini (Gran-pri), 1-2-o‘rinlar sohibasi.

IT olamiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan, ayol kishi sifatida qarshiliklar bo‘lmaganmi?

– IT sohasini tanlashni menga, avvalo, dadam taklif qilganlar. Singlim ham, men ham aniq fanlarga ixtisoslashgan maktabda o‘qiganmiz. Kasb tanlash vaqti kelganda ham oila a’zolarim IT sohasi kelajagi bor soha bo‘lganligi uchun singlim ikkimizga shu sohani tanlashni tavsiya qilganlar.

Ayollar IT sohasida ishlashlarining ustunliklari haqida nima deya olasiz? Bu borada ota-onalarga qanday tavsiyalar berasiz?

– O‘zim ayol bo‘lganligim uchun ham menga bu sohaning qulayliklari nihoyatda ko‘p. Universitetda professor sifatida faoliyat yuritish barobarida qaynona-qaynotali uy bekasi va ikki farzandning onasi bo‘lishimda IT sohasining o‘rni katta. Hatto tug‘uruq ta’tili vaqtida ham uyda o‘tirib, loyihalar ustida ishlashga ham juda qulay. Yosh qizlarimiz bu sohada ta’lim olib, keyinchalik masofadan turib frilanser sifatida faoliyat yuritishlari mumkin. Bundan tashqari, IT sohasi ayollarga nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham onlayn ravishda ishlashlariga zamin yaratadi.

Shu o‘rinda frilanserlik bilan shug‘ullanishning o‘ziga xos jihatlari, ustunliklari va kamchiliklari haqida ham aytib o‘ting…

– Frilanserlik faoliyati nafaqat ayollarga, balki barcha insonlar uchun nihoyatda qulay ish tarzi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki o‘zimizning asosiy ish tarzimizdan tashqari bizga qulay vaqtda ishlash uchun turli joylardan takliflar, qo‘shimcha ishlar ham olishimiz mumkin. Frilanserlikning salbiy taraflarini hech ko‘rmaganman. Faqatgina dangasa odam uchun noqulay bo‘lishi mumkin, ammo o‘z ustida ishlaydigan kishilar uchun bu faoliyat ayni muddao.

Ayollar o‘zligini anglash, ichidagi qobiliyatlarini uyg‘otish uchun nimalarga e’tibor qaratishlari kerak?

– Ayollar katta hayot sari qadam qo‘yib, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish chog‘ida, avvalo, tanlayotgan sohasida o‘zini topishga harakat qilishlari kerak. Axborot resurslaridan oqilona foydalanib, muntazam ravishda o‘z ustida ishlasagina, salmoqli natijaga erisha oladi. Har bir inson yoshligidan o‘qib, izlanib, dunyo qarashini kengaytirib borsa, keyinchalik ham mustaqil qaror qabul qila oladi.

Bugungi kunda qanday izlanishlar, yangiliklar bilan bandsiz?

– So‘nggi uch yil davomida biz juda ko‘p loyihalar ustida ishladik. 2015-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilganimdan so‘ng yana ko‘plab loyihalar ustida ishlay boshladim. Masalan, terapiya markazi bilan hamkorlikda mobil ilova yaratdik. U orqali surunkali kasalliklarning oldini olish va ertaroq tashxis qo‘yish mumkin. Bundan tashqari, ijtimoiy sohada qiyin vaziyatga tushib qolgan oilalarga ko‘mak beruvchi veb-dastur yaratdik. Ilova orqali mahallalardagi har bir oila o‘z vaziyatidan kelib chiqib, psixologik va yuridik ko‘mak olishlari mumkin. Shuningdek, turli universitetlar bilan hamkorlikda tabiiy ofatlar ro‘y berganda qanday yo‘l tutish kerakligi, birinchi yordamni qay tariqa ko‘rsata olish kerakligi haqida ham yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatuvchi dasturimiz ham mavjud. Fanlar akademiyasi bilan birgalikda ilmiy yo‘nalishda ham yurtimizda yo‘qolib borayotgan lola turlarining bazasini shakllantirganmiz.

Saida opa, eshitishimizcha «Isaak Nyuton» medali bilan ham taqdirlangan ekansiz, shu haqida ham aytib o‘ting…

– Biz ilmiy ishlarimizni xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda olib boramiz. Aynan ularning tavsiyasiga ko‘ra ilm-fan bilan shug‘ullanuvchi ayollar uchun ta’sis etilgan medal bilan taqdirlanganman. Albatta, buning uchun o‘zimning ilmiy maqolalarimni yuborganman va ular o‘z xulosalarini bildirishgan.

– Nega o‘zbek ayollari orasida texnika fanlari doktorlari kam?

– Bilasizmi, texnika fanlari doktori deganda, bu nafaqat IT sohasiga beriladigan ilmiy unvon, balki kimyo, muhandislik va agrar sohalaridagi mutaxassislar ham bunday unvon bilan taqdirlanadilar. To‘g‘ri, ularning soni u qadar ko‘p emas. Hozirda biz ham ana shunday ayollar safini kengaytirish ustida ishlayapmiz. Aslida qizlarimizni maktab davrlaridan IT sohasiga qiziqtirishimiz kerak. Ushbu sohaning qiziqarliligini ularga tushuntira olishimiz lozim. Bu esa kelgusida olima ayollarning safi kengayishiga yordam beradi.

Ixtirochi ayollar assotsiatsiyasidagi faoliyatingiz haqida aytib o‘tsangiz?

– Ixtirochi ayollar assotsiatsiyasiga 2016-yilda AKT sohasini rivojlantirish bo‘yicha ekspert sifatida jalb qilinganman. Shu vaqt mobaynida ixtirochi ayollarning 100 ta ixtirolari, IT-Woman kabi tanlovlarni o‘tkazish barobarida turli seminar va treninglar o‘tkazdik. Bu assotsiatsiyada men dasturchi qizlar klubi rahbariman. Eng quvonarlisi shundaki, qizlarimiz allaqachon o‘z yo‘llarini topib, turli tanlovlarda qatnashib, mukofotlarga sazovor bo‘lishmoqda.

IT sohasini tanlamoqchi bo‘lgan qizlarga tavsiyalaringiz?

– Bilasizmi, oddiy maktabda o‘qiydigan qizlarga ham IT sohasining qiziqarli tomonlarini o‘qituvchilar ochib berishlari kerak. Bundan tashqari, ayollarning o‘zlari ham IT sohasining turli yo‘nalishlari orasida o‘zlari uchun eng qiziqarlilarini internet orqali o‘rganib, zamonaviy kasblarda o‘zlarini sinab ko‘rishlari kerak. Shuningdek, yurtimizda aynan shu sohada o‘tkazilayotgan tanlovlarda faol qatnashib, o‘zlarini sinab ko‘rishsin. Eng asosiysi esa har bir oilada IT sohasining kelajagi va qizlarning rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini ota-onalar yoshlikdan uqtirib, kasbga to‘g‘ri yo‘naltirishsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Haqiqiy o‘zbek kelini va ikki farzandning onasi bo‘la turib, qanday qilib texnika fanlari doktori va shuhrat medali sohibasiga aylanish sirlaridan bahramand bo‘lishni istasangiz, YouTube kanalimiz orqali ko‘rsatuvning to‘liq shaklini tomosha qiling!

E’zoza TURG‘UNOVA suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring