Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

E’zoza Turg‘unova

«Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!»

2021-yilning eng yaxshi yosh ixtirochisi: «Smart hokimiyat» mahallangizga yangilik olib kiradi!(VIDEO)

Abbos Nasimov 1998-yil 15-dekabrda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan;

2021-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan;

So‘ngra «O‘zbektelekom» AKga muhandis sifatida ishga joylashgan.

Yosh xodimning o‘z ishiga ijodiy va mas’uliyat bilan yondashishi, o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatishi uning Toshkent yoshlar forumida «Yilning eng yaxshi yosh ixtirochisi» nominatsiyasi g‘olibi bo‘lishiga zamin yaratdi.

Xabaringiz bor, o‘tgan yil so‘ngida «Toshkent yoshlar forumi»da iqtidorli yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Bugungi ko‘rsatuvimiz qahramoni ham ana shunday taqdirlanganlardan biri – «Yilning eng yaxshi yosh ixtirochisi» nominatsiyasi g‘olibi Abbos Nasimov. Yosh ixtirochining «Smart hokimiyat» innovatsion loyihasi sizga ham qiziq bo‘lsa, «Xabar.uz»ning YouTube kanalida ko‘rsatuvni diqqat bilan tomosha qilishingizni tavsiya qilamiz.

«IT» sohasiga ilk qadam…

– Bolaligimdan matematika va informatika faniga qiziqishim katta bo‘lgan. Shu bois ham 2017-yilda TATUga grand asosida o‘qishga kirganman.

– Talabalik yillaringizdagi yaratgan ilk loyihangiz...

– Universitetga qarbul qilinganimdan so‘ng bu sohaga bo‘lgan qiziqishim yanada ortdi. Dasturlash tillarini o‘rganishni boshlagach, birinchi qo‘l urgan loyiham binolardagi kameralarga «Face tahlil» funksiyasini o‘rnatish bo‘lgan. Ammo bu loyihamni oxirigacha amalga oshira olmaganman.

– «IT» sohasida kuchli mutaxassis bo‘lish uchun...

– Avvalo, sizga eng yaxshi mutaxassis ko‘magi kerak bo‘ladi, ya’ni ustozingiz kuchli bo‘lsa, siz ham yaxshi rivojlana olasiz. Keyingi navbatda, o‘z yo‘nalishingizni aniqlashtirib olishingiz kerak. Misol uchun, men mobil dasturlashga juda qiziqqanim tufayli o‘z yo‘nalishimni shu bilan bog‘laganman. Eng muhimi esa ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirishingiz talab etiladi. Boisi, deyarli barcha terminlar ingliz tilida. Bu tilni bilmay turib, dasturlar yarata olmaysiz.

– «IT» olamidagi ilk yutug‘ingiz...

– «IT» sohasida erishgan ilk yutug‘im – Toshkent yoshlar forumida «Yilning eng yaxshi yosh ixtirochisi» nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritganim bo‘ldi. Men ushbu forumda «Smart hokimiyat» nomli loyiham bilan ishtirok etdim. Xursandchiligimni, avvalo, onam bilan bo‘lishdim. Ushbu yutuq kelajakdagi yana yangi loyihalarimga debocha bo‘ldi va yurtimiz kelajagi, xalqimiz manfaati yo‘lida yanada ko‘proq harakat qilishimga turtki bo‘ldi.

– Agar siz «IT» sohasiga qiziqsangiz...

– Hozirda eng rivojlanib borayotgan kasblardan biri bo‘lgan «IT» sohasiga qiziqsangiz, fursatni boy bermay hoziroq o‘rganishni boshlang. Bu soha yosh tanlamaydi. Zero, mana shunday sovrinlar sizga ham yarashadi! E’zoza Turg‘unova tayyorladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring