Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Xodimlar sonini 1 000 kishiga yetkazmoqchiman” – IT-tadbirkor bilan suhbat

“Xodimlar sonini 1 000 kishiga yetkazmoqchiman” – IT-tadbirkor bilan suhbat

So‘nggi yillar, mamlakatimizda IT yo‘nalishidagi tadbirkorlar soni ortib bormoqda. Navbatdagi suhbatdoshimiz Fazliddin Jo‘rayev ham 2016-yildan buyon dasturlash sohasida faoliyat yuritadi.
Qahramonimiz Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2010-yil Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahar filialini tamomlagan. Hozir, dasturiy mahsulotlar yaratuvchi – “OQILA” loyihasini boshqarib kelmoqda.

Universitetning ilk talabalardan biri bo‘ldim
Buxoro shahrida o‘qituvchilar oilasida tug‘ulganman. Otam universitetda falsafa bo‘yicha professor, onam maktabda fizika o‘qituvchisi bo‘lib ishlaganlar. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, ota-onam tadbirkorlik bilan shug‘ullana boshlashdi. Aniqrog‘i, 1992-yil kichkina tikuv korxonasi tashkil qilishdi. Bozorda do‘konimiz ham bor edi. U yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni o‘zimiz sotganmiz. Ishimiz sekin-sekin kengayib bordi.
2003-yil ota-onam bolalariga yaxshi ta’lim berish maqsadida Buxorodagi ishlarni to‘xtatishdi va biz Toshkentga ko‘chib keldik. Bu yerda men matematikaga ixtisoslashgan akademik litseyini o‘qib tugatdim.
2006-yil Toshkentda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahar filiali ochildi. O‘sha vaqtda yangi oliygoh katta qiziqish bilan kutib olingan. Chunki universitet jahonning eng kuchli o‘quv dargohlari reytingida 100 talikka kirar edi. Oliygohga birinchilardan bo‘lib o‘qishga kirdim. Hatto, o‘shanda ilk talabalarni tabriklash uchun Birinchi Prezident Islom Karimov kelgan.
2010-yil o‘qishni tamomlagach turli korxonalarda ishladim. Lekin, bolalikdagi orzu – shaxsiy biznesga ega bo‘lish ishtiyoqi yildan yilga kuchayib borardi. Shunday qilib, 2016-yil “OQILA” loyihasini boshladim.

Boshida yetarli mablag‘ bo‘lmagan
Yoshligimdan menda ko‘p biznes g‘oyalar bo‘lgan. Xususan, 2013-yildan boshlab “Aslbazar” nomli onlayn bozor platformasi ustida ishlay boshladim. 2016-yilga kelib u texnik jihatdan tayyor bo‘ldi. Lekin uni korxona qilib ochishga, reklama qilish va kundalik xarajatlarga pul kerak edi. Menda esa, bunga yetarli mablag‘ bo‘lmagan. Shunda men buyurtma asosida saytlar yaratish xizmatini yo‘lga qo‘ydim va buni “OQILA” deb nomladim. Bu loyiha ochilishi bilan foyda keltira boshladi.
“Aslbazar” loyihasi qolib ketdi va asosiy e’tiborimni “OQILA”ga qaratdim. Ammo, “Aslbazar” loyihasini vaqti kelib ishga tushirish istagim bor.
“OQILA” orqali hozirgi kunga kelib 20 dan ortiq turdagi internet reklama va dasturlash xizmatlarini ko‘rsatamiz. Xususan, Google’da saytlar o‘rnini ko‘tarish, ya’ni SYeO (“Search Engine Optimization” – Qidiruv tizimida optimallashtirish) bo‘yicha O‘zbekistonda yetakchilardan birimiz.
Albatta, qiyinchiliklar ham doim yetarli bo‘lgan. Birinchi 5 yil juda qiynalganman. Deyarli, har 6 oyda korxonani qayta tuzishimga to‘g‘ri kelgan.
2018-yil katta bir startapni ishga tushirdik. U odamlarga 1 soat ichida dasturlashsiz sayt yoki internet do‘konni ishga tushirish imkonini beradi. Bu loyihamiz ham yildan yilga rivojlanib bormoqda.

Barcha sohaning rivojlanishi IT’ga bo‘lgan ehtiyojni keltirib chiqaradi
Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, alohida faqat IT biznesni rivojlantirishga qaratilgan usullar bor deb o‘ylamayman. IT rivojlanishi uchun hamma turdagi bizneslar – xizmat ko‘rsatish, agrar, yengil sanoat, hammasi jadal taraqqiy etishi kerak. Ular o‘z-o‘zidan IT’ga bo‘lgan ehtiyojni keltirib chiqaradi. Bu tabiiy rivojlanish deyiladi.
Shuningdek, barcha sohada adolatli raqobat bo‘lishi zarur, deb hisoblayman.

Birinchi navbatda ingliz tilini o‘rganish lozim
Fikrimcha, yaxshi dasturchiga aylanish uchun iqtidor bilan birga sabr-qanoat talab etiladi. Yana o‘rganuvchida matematika va shaxmatga doir bilimlar bo‘lishi kerak.
Sohaga kirib kelmoqchi bo‘lganlarga birinchi navbatda ingliz tilini o‘rganishni maslahat beraman. Til bilmasdan turib hech narsaga erishib bo‘lmaydi. O‘ylashimcha, 20 yoshgacha qilish lozim bo‘lgan eng birinchi ish shu. Keyin vaqt va imkoniyat bo‘lmasligi mumkin. Kasbga kirishning birinchi 5 yilida faqat tajriba to‘plashga harakat qilish zarur. Qancha ko‘p tajribaga ega bo‘lsangiz daromad ham shunga yarasha bo‘ladi.

Odamlarni ish bilan ta’minlashni xohlayman
Dasturlash sohasini tanlashimga ota-onam turtki bo‘lganlar. Ya’ni ular har bir ishimda meni qo‘llab-quvvatlab ruhlantirib keladi. Biznes ochganimda o‘zimga asosiy maqsad qilib odamlarni ish bilan ta’minlashni qo‘yganman. Ayniqsa, yoshlarimiz IT sohasi bo‘yicha O‘zbekistonda ishlashini xohlayman.
Bugungi kunda qo‘l ostimda 20 kishi faoliyat yuritadi. Kelgusi besh yillikda xodimlar sonini 1 000 kishiga yetkazish va O‘zbekistondagi yetakchi IT-tadbirkorga aylanish maqsadidaman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring