Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Sun’iy intellektning mehnat bozoriga ta’sirini o‘rganyapman” — Koreyadagi o‘zbek tadqiqotchisi

“Sun’iy intellektning mehnat bozoriga ta’sirini o‘rganyapman” — Koreyadagi o‘zbek tadqiqotchisi

Muallif jo‘natgan fotolar

“Xorijdagi vatandoshlar”ning bu galgi suhbatdoshi Janubiy Koreyadagi Yonsei Universityda ilmiy tadqiqot olib borayotgan Ulug‘bek Tursunov bo‘ldi. Qahramonimiz Namangan viloyatida tug‘ilgan. Toshkent moliya institutini tamomlagan.

Tezroq ishlash bo‘yicha musobaqalashardik

 Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi Muchum qishlog‘ida tug‘ilganman. Tumanimizdagi 53-o‘rta maktab va 5-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internatida tahsil olganman.

Ota-onam men, ukam va singlimning o‘qishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishgan. Maktabda sevimli fanlarim matematika, tarix va adabiyot edi. Onam matematika o‘qituvchisi bo‘lganliklari uchun uyda “chiqmagan” misollarni ko‘p muhokama qilar edik. 5-sinfligimda birinchi o‘qigan katta asarim — Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” tarixiy romani. O‘sha paytlari Zahiriddin Muhammad Boburning muxlisiga aylanganman. 7-sinfdan maktab-internatda o‘qishni davom ettirdim. Maktab-internatimiz o‘qish uchun ajoyib maskan edi. Ertalab sakkizdan kechki beshgacha — avval darslar, keyin guruh mashg‘ulotlari bo‘lar edi. U yerda tumanimizdagi eng kuchli o‘qituvchilar dars berishardi. Guruh mashg‘ulotlarida ko‘pincha matematikadan Mark Skanavining masalalar to‘plamini ishlardik. Ustozimiz qiyinroq masalani tanlab, doskaga yozib qo‘yar edilar. Men va bir nechta matematikaga qiziqadigan o‘quvchilar kim tezroq ishlash bo‘yicha musobaqalashardik.

 Vaqtimni o‘zim taqsimlardim

Toshkent moliya instituti(TMI)ni tanlashimga sabab — bizdan katta sinflardagi eng iqtidorli o‘quvchilar TMIga o‘qishga kirishgan, men ham ularga ergashib, havas qilib hujjat topshirganman. 2010-yili institutga qabul qilindim. To‘g‘risini aytsam, avvaliga, oliy ta’lim haqida kutilmalarim o‘zini oqlamagan. Men o‘qish deganda ertalab 8 dan kechki 5 gacha tinmay izlanishni, ilmiy to‘garaklardagi munozaralarni tushunardim. Institutda esa, o‘sha paytda yaxshi talaba bo‘lishning asosiy mezonlari: dars qoldirmaslik, rasmiy kiyinish, har bir mavzuga 5-6-varaqlab konspekt qilish edi.

Lekin, poytaxtga biroz moslashgandan keyin talabalikning haqiqiy oltin davri boshlandi. Mamlakatimizning deyarli hamma viloyatlaridan va Qoraqalpog‘istondan do‘stlar orttirdim. Maktabdan farqli ravishda, o‘z vaqtimni o‘zim taqsimlar edim. Badiiy kitoblarga qiziqshim yanada kuchaydi. Dostoyevskiy, Chingiz Aytmatov, Tolstoyning katta hajmli romanlarini o‘qishga vaqt topilar edi. Institutda o‘tiladigan fanlar unchalik qiyin emas edi, shuning uchun bakalavr va magistraturani imtiyozli diplom bilan bitirdim.

Magistraturani bitirganimizdan keyin o‘sha paytda institutimiz rektori Bahodir Begalov (hozir Statistika agentligi direktori) yaxshi o‘qigan talabalarni suhbat qilib ishga olganlar. Meni bitirgan investitsiya yo‘nalishida bo‘sh ish o‘rni yo‘q ekan, lekin suhbatdan keyin: “Matematikani yaxshi bilar ekansiz, sizni statistika kafedrasiga ishga olamiz”, degan edilar. Mutaxassisligim boshqa bo‘lgani uchun, kafedrada statistika fanini boshidan o‘rganishimga to‘g‘ri kelgan. Ikki yil deyarli har kuni darslardan keyin qolib ingliz tilida statistikaga oid kitoblar o‘rganib o‘tirar edim. Shuning uchun magistraturani ikki marta o‘qiganman desam ham bo‘ladi.

Hayotimni chinakamiga ilmga bag‘ishlayman deb ahd qildim

Chet elda ilmiy ish qilish orzusi menda ancha kech tug‘ilgan. 2018-yili 2 haftalik malaka oshirish uchun Janubiy Koreyaga kelgan edim. Hayratim cheksiz edi: universitetda professorlar juda salohiyatli, universitetda ilmiy ish qilish uchun sharoit bor edi. Shunda Koreyada eng nufuzli universitetga kiraman, men ham shu professorlar kabi o‘z hayotimni chinakamiga ilmga bag‘ishlayman, deb ahd qildim. Keyin esa, “Alkimyogar”da aytilganidek, butun dunyo menga orzuimga yetishish uchun yordam berayotgandek edi. 2019 yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi g‘olibi bo‘ldim.

Koreyada SKY iborasi 3 ta nufuzli universitet uchun qo‘llanadi: Seul milliy universiteti, Koreya universiteti va Yonsei universiteti. Shu uch universitetga hujjat topshirdim. Ikkitasidan rad javobi keldi. Yonseidagi professorlar bilan suhbat Skype orqali bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Lekin negadir, hech ulanib bo‘lmadi. Keyin suhbatni boshqa kunga ko‘chirishlarini so‘radim. Mayli deyishdi. O‘sha paytlari Zoom orqali videomuloqot hali rivojlanmagan edi. Skypeni baribir ishlata olmadim. Keyin Koreyada ishlatiladigan Kakao Talk dasturini o‘rnatdim. Kakao Talk orqali suhbat bo‘ldi va universitetga qabul qilindim.

Yonsei nafaqat Koreyada, balki jahonda ham taniqli universitet, xalqaro reytinglarda eng kuchli 100 ta oliygoh qatorida turadi. Universitetga 1885-yilda asos solingan. Oliygohda deyarli barcha yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlanadi, lekin tibbiyot, muhandislik, san’at, iqtisodiyot va biznes sohalari bo‘yicha akademik nufuzi yuqori. Universitetdagi professorlar juda yaxshi akademik salohiyatga ega. Ko‘pchilik professorlar AQShda yoki Yevropadagi nufuzli oliygohlarda doktorlik dissertatsiyalarini yoqlashgan. Universitetning asosiy kampusida 2 ta katta 4 qavatli kutubxona bor va deyarli har kuni talabalar bilan to‘la. Ayniqsa, koreyalik talabalar juda tirishqoq va o‘zlariga talabchan bo‘lishadi.

Bundan tashqari, Koreyada davlat lavozimlarida ish boshlash uchun maxsus imtihondan o‘tish kerak bo‘ladi. Aytaylik, talaba iqtisod fakultetini “bir amallab” bitirdi deylik. Lekin u markaziy bankda ishlamoqchi bo‘lsa, makroiqtisodiyot fanidan kompleks modellarga asoslangan imtihon savollariga javob berishi kerak. Shuning uchun, talabalar sidqidildan ta’lim olishadi.

Ruhiy va ma’naviy “chiniqish”

Avvalambor, tadqiqotchi sifatida, iqtisodiyot fanini qaytadan kashf qildim. Universitetda iqtisodiyotga oid fanlar asosan formulalar, tenglamalar bilan, boshqacha aytganda, matematik tilda o‘qitiladi. Oldin shunchaki o‘rgangan talab-taklif kabi fundamental tushunchalarni matematik ifodalarda, tizimlashgan holda o‘rgandik. Ayniqsa, iqtisodiyot nazariyasi fani juda qiziqarli edi. Fanning 2-qismini o‘qimoqchi bo‘ldim, ammo koreys tilida ekan. Iqtisodiyot nazariyasi professoriga “Koreyschada tushuna olmayman, lekin 2-qismni ham o‘qimoqchiman”, deb yozsam, bu fanni hozir o‘qimasang ham bo‘ladi, deb javob qaytardi. Lekin baribir, shu fanni o‘qish uchun tanlab oldim. Darsda hech narsani tushunmas edim. Shuning uchun deyarli har hafta, iqtisod nazariyasi professorinining ofis soatlariga qatnardim, professor bir o‘zimga soatlab tushuntirar edi. Keyin bir kuni, o‘sha professor: “Ulug‘bek, nazariya bo‘yicha ilmiy ish qilmoqchi bo‘lsang menga ayt”, deb qoldi. Shunday qilib, o‘sha professor bilan nazariy iqtisod bo‘yicha tadqiqot qilishni boshladim.

Bundan tashqari, chet elda yashash ruhiy va ma’naviy “chiniqtiryapti” desam ham bo‘ladi. Bu yerda hayotim juda tekis ketyapti, deya olmayman. Koreyada oilam bilan yashayman. O‘rtancha qizimiz 7 oyda tug‘ilgani uning sog‘lig‘ida jiddiy muammolarga sabab bo‘lgan. Shuning uchun, doim shifokorlar nazoratida turadi va reabilitatsion markazga muntazam qatnaymiz. Bunday paytda ota-onaning ozgina umidsizligi farzandning kelajagiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Oilam Koreyaga yangi kelgan vaqtida (dastlabki 9 oy), tibbiy sug‘urta amal qilmas edi. Bir kunda tekshiruvlar uchun 500-1000 AQSh dollari sarflagan paytlarimiz bo‘lgan. Oila boshlig‘i va ota sifatida, boshqa hamma narsada tejasam-da, qizimning sog‘lig‘i uchun qo‘limdan kelgan barcha sharoitni yaratishga harakat qilaman. Qiyinchiliklarga qaramay, ota-onam, ukam, singlim va turmush o‘rtog‘im doim qo‘llab-quvvatlab kelishyapti. Bu menga ishonch bag‘ishlaydi. Bundan tashqari, “El-yurt umidi” jamg‘armasining moliyaviy ko‘magi ham juda katta yordam beryapti.

Sun’iy intellektning mehnat bozoriga ta’sirini o‘rganyapman

Yuqorida aytganimdek, nazariy iqtisod sohasida tadqiqot qilyapman. Mavzuimga kelsak, sun’iy intellekt (keyingi o‘rinlarda — SI)ning mehnat bozoriga ta’sirini o‘rganaman. 2023-yildan SI texnologiyalariga e’tibor kuchaydi. Ayniqsa, OpenAI kompaniyasi katta til modeli yordamida ishlaydigan ChatGPT chat-botni keng ommaga tanishtirishi ijtimoiy tarmoqlarda ham, kapital bozorida ham o‘ziga xos SI “hayp”ini yaratdi.

Hozir yozayotgan maqolam insonlardagi kognitiv noxolisliklarning SI yordamida qaror qabul qilishga ta’sirini modellashtirish haqida. Tasavvur qiling, biznes boshqaruvchisisiz va  yangi loyihaga investitsiya kiritish haqida qarorni qabul qilishingiz kerak. Bu yerda bozor, biznes tuzilmasi haqida juda ko‘p ma’lumotlar bor. O‘rganib chiqish uchun juda ko‘p vaqt ketadi. Bu ma’lumotlarni sun’iy intellektga (masalan, ChatGPTga) kiritib, qaror qabul qilishda uning xulosasidan foydalanmoqchisiz. Bu bilan siz ancha vaqt  tejashingiz mumkin. Lekin, SI ham xato qilishi mumkin. Buni hisobga olib, qaroringizning aslida 20 foizini SI xulosasi bilan, 80 foizini o‘z tahlilingizga asoslanib qilishingiz kerak deylik. Lekin, insonlarda turli kognitiv noxolisliklar bor. Masalan, kompyuter dasturlariga ortiqcha ishonch. Buni avtomatlashtirish noxolisligi deyish ham mumkin. Mana shu noxolislik tufayli siz qaror qabul qilishda SIga 20 foiz emas, 50 foiz asoslanishingiz mumkin, bu esa oxir-oqibat noto‘g‘ri qaror qabul qilish ehtimolini oshiradi va iqtisodiy samaradorlikni pasaytiradi. Mana shu jarayonning iqtisodiy-matematik modelini yaratish va bu asosda muammoni aniq tavsiflash mening hozirgi maqolamning asosiy masalasi.

Umuman olganda, mavzuim SIdan to‘g‘ri foydalanish haqida iqtisodiy tafakkurga asoslangan takliflarni ishlab chiqish. Hozir va yaqin kelajakda ilmiy ishim mavzusi mamlakatimiz uchun ham butun dunyo miqyosida ham muhim ekanligiga ishonaman.

Matematik bilimlar ustida ko‘proq ishlashni maslahat beraman

Iqtisodiyot sohasida fikrlar aniq bo‘lishi va tahliliy fikrlash ko‘nikmasi juda muhim. Shuning uchun, matematik bilimlar ustida ko‘proq ishlashni maslahat bergan bo‘lar edim. Bundan tashqari, iqtisodiy tahlil uchun kompyuter dasturlash tillarini o‘rganishlari muhim. Yana shuni ta’kidlash joizki, iqtisod bu gumanitar — ya’ni insonlar va ularning xulq-atvorlari haqidagi fan. Shuning uchun, jamiyatdagi madaniy, texnologik o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib borish iqtisodchi uchun zarur. Chunki, iqtisodiyot ilmidagi qoidalar, tezislar vaqt va makon bo‘ylab o‘zgarib boradi. Ushbu o‘zgarishlarni tavsiflab, yangi ilmiy maqola va ilmiy ishlar yaratish mumkin.

Inson kapitali iqtisodiy o‘sishning muhim drayveriga aylanishi mumkin

Janubiy Koreya rivojlangan iqtisodiyotga ega, Osiyodagi eng farovon mamlakatlardan biri. Mamlakatda yirik moliyaviy resursga ega korporatsiyalar va malakali inson kapitalining mavjudligi yangi texnologiyalar ishlab chiqilishiga va amaliyotga joriy etilishiga zamin yaratyapti. Bundan tashqari, davlat boshqaruvi va ichki ishlar tizimi samarali tashkil qilingan. Lekin iqtisodiyotda katta korporatsiyalarning ulushi yuqori. O‘rtacha koreyalik yosh agar davlat xizmatida yoki katta korporatsiyalaridan birida ish topsa, bu deyarli uning kelajakdagi moliyaviy barqarorligini kafolatlaydi. Lekin, hukumat va katta korporatsiyalar hammani ish bilan ta’minlay olmaydi. Kichikroq firmalarda esa doimiy ish o‘rni mavjud bo‘lishi qiyin. Shu tufayli ijtimoiy notenglik katta muammoga aylanib boryapti. Bundan tashqari, ta’lim va uy-joy narxlari qimmatligi sababli, ko‘pchilik koreys yoshlari oila qurmaslikni ma’qul ko‘rishyapti. Oqibatda mamlakatda tug‘ilish darajasi juda past bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining iqtisodiy farovonlikni oshishi uchun afzallik beradigan jihatdalaridan biri bu — mehnat resurslarining yetarliligi. Hozirgi kunda mamlakatimiz aholisining qariyb 53 foizini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi. Agar ta’lim darajasi tadrijiy yaxshilanib borsa, O‘zbekistonda inson kapitali iqtisodiy o‘sishning muhim drayveriga aylanishi mumkin. O‘zbekiston — rivojlanayotgan va bozor munoasabatlariga o‘tish davrini boshdan kechirayotgan davlat. Bunday mamlakatlarda iqtisodiy muammolarning ko‘p bo‘lishi tabiiy albatta. Lekin asosiy muammolar, nazarimda, iqtisodiyotda davlat ulushi mavjud korxonalar salmog‘i ko‘pligi, sud-huquq tizimi to‘liq funksional ishlay olmayotgani va bojxona bojlari nisbatan yuqori ekanligida ko‘rish mumkin.

Koreys millatdoshlari kabi qabul qilishlari biroz qiyin

Koreya borasida ijobiy taasurotlarim ko‘p. Mamlakat hududining 60 foizidan ko‘pi o‘rmonlar va daraxtzorlar, ajoyib tabiatga ega. Jamoat transporti qulay va arzon. Tibbiyot tizimi juda rivojlangan. Ammo bu yerda “chet ellik” sifatida yashashga majbursiz. Koreys millatiga mansub tanish orttirishingiz mumkin, lekin ular sizni boshqa koreys millatdoshlari kabi qabul qilishlari biroz qiyinroq. Bu haqida adashmasam, sotsiologik va tarixiy nuqtai nazardan tadqiqotlar ham bor. Yana bir jihat, ko‘p o‘zbekistonliklar Koreyaga talaba vizasi bilan kelishadi. Chunki, o‘qish uchun viza olish osonroq. Bu yerga kelgandan keyin asosan ishlashadi. Albatta ularni to‘g‘ri tushunaman, hammaning o‘z orzulari va unga yetishish usullari har xil. Lekin, chet ellik talabalar ishlaydigan ishlar ko‘pincha og‘ir va inson salomatligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Savolning ikkinchi qismiga kelsak, fikrimcha juda ko‘p ijobiy jihatlarni o‘zlashtirishimiz kerak. Lekin, mamlakatimiz uchun o‘zlashtirilishi eng dolzarb bo‘lgan tizimi bu — sog‘liqni saqlash tizimi bo‘lsa kerak. Tizimda shifoxonalar asosan ikki bo‘g‘inga bo‘lingan: oddiy xususiy shifoxonalar va katta (asosan universitetlar qoshida) shifoxonalar. Oddiy xususiy shifoxonlar juda ko‘p, ko‘pchiligida 2 yoki 3 ta malakali shifokor ishlaydi. Agar shikoyatingiz jiddiy bo‘lsa, sizga universitet kasalxonasiga yo‘llanma yozib berishadi. Koreyadagi universitetlarning ko‘pchiligida tibbiyot fakultetlari bor. Ushbu fakultetlardagi professorlar universitet shifoxonalarida ham ishlashadi. Aytish mumkinki, tibbiyot professorlari juda malakali. Qizimni har safar olib borganimda, e’tibor beraman, tahlil natijalari bilan birga professor kompyuterida, xorijiy jurnalda chop etilgan maqola ochiq turgan bo‘ladi. Ya’ni professor, tahlil natijalariga sohadagi so‘nggi ilmiy tadqiqotlarga asoslanib baho beradi. Universitet shifoxonalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Tibbiyotning bu darajadagi sifatidan kelib chiqib, kasalxona to‘lovlari ham qimmat. Lekin, Koreyada milliy sug‘urta tizimi mavjud bo‘lib, kasalxona to‘lovlarining 70-80 foizini qoplaydi. O‘zbekistonda ham universitetlar qoshida tibbiyot fakultetlari va shifoxonalarni ko‘paytirish kerak, nazarimda. Bundan tashqari, aholini davlat tibbiy sug‘urta tizimi bilan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ham kun tartibiga chiqishi kerak.

Men uchun eng yaxshi asarlar

1) Paolo Koeloning “Alkimyogar” asari. Insonni doim o‘z orzusiga ishonib yashashga o‘rgatadi. Bu kitobni o‘qigandan keyin insonda sog‘lom optimizm shakllanadi. 2) Dostoyevskiyning “Telba” romani. Buyuk tarjimon Ibrohim G‘afurov o‘zbek tiliga o‘girgan. Muallif sodda va begunoh knyaz Mishkin axloqi o‘sha paytdagi ko‘pchilik rus kiborlarining xudbin axloqiga qarshi qo‘yilgan, shuningdek, Dostoyevskiy qahramonlar ruhiy holatiga juda chuqur kirib borgan. Qahramonlar tilidan o‘sha paytdagi jamiyatdagi voqealarga qiziq va asosli fikrlar yangraydi. Masalan, qotil uchun o‘lim jazosi uning qilmishi uchun juda og‘ir jazo deydi knyaz Mishkin suhbatlardan birida. Chunki, o‘lim jazosini olgan mahkum nafaqat hayotidan mahrum bo‘ladi, balki muqarrarlik — hayot tugashining muqarrarligi vahimasi bilan ham yuzma-yuz keladi. 3) Rejissyor Frenk Darabondning “Shoushenkdan qochish” filmi. Inson matonati haqidagi kinoasar. Bosh qahramon, qanchalik qiyin bo‘lmasin, maqsad sari ildamlashi, tushkunlikka tushmasligi bilan insonni ilhomlantiradi.

O‘zimning maqsadlarimga keladigan bo‘lsam, iqtisodiyot sohasiga sezilarli ilmiy hissa qo‘shmoqchiman. Buning uchun yana qancha izlanish, o‘qish kerak bo‘lsa tayyorman. Uch nafar qiz farzandim bor, ularga jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, o‘z salohiyatini to‘liq namoyon qilishi uchun kerakli moliyaviy, ma’naviy va ruhiy yordam beraman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring